O‘zbekiston hech qanday harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi, YeOIIda esa kuzatuvchi maqomida qoladi. Bu haqda Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov ma’lum qildi.

Fergana.media nashrining yozishicha, Saidov bu fikrlarni 17-oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi ochilishida aytib o‘tgan.

Mutasaddi O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan yanada yaqin hamkorlik o‘rnatish uchun o‘z suverenitetini cheklashga rozimi, degan savolga quyidagicha javob berdi.

“Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston suveren davlat ekani ta’kidlangan. Agar gap qandaydir harbiy mudofaa tuzilmalari va tashkilotlariga a’zo bo‘lish haqida ketsa, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz hech qachon o‘z yigitlarimizni [chet elga] biron-bir harbiy, shu jumladan, tinchlikparvar missiyalarni bajarish uchun yubormaymiz. Bizning hududimizda hech qanday xorijiy harbiy bazalar bo‘lmaydi”, — dedi vitse-spiker.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga integratsiya masalasiga kelsak, O‘zbekiston uchun YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi ko‘proq maqbul, deb ta’kidladi Saidov.

“Men O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasiga rahbarlik qilaman. Biz ushbu tashkilotning mingdan ortiq turli hujjatlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdik va bugungi kunda YeOII huzuridagi kuzatuvchi maqomini saqlab qolish O‘zbekiston manfaatlariga mos keladi, degan xulosaga keldik”, — deya izoh berdi Saidov.

Vitse-spikerga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni YeOIIga qo‘shilishdan juda kam foyda ko‘rgan. Shu bilan birga, Saidov ushbu ma’lumotga kafolat bera olmasligini qo‘shimcha qilgan. Qonunchilik palatasi vakili O‘zbekiston yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlangan tashqi siyosatning asosiy tamoyillariga ega ekani va bunga amal qilinishini eslatgan.