17-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2025-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan 9 oyda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,6 foizga, sanoat 7 foizga oshdi. Yil yakunigacha kamida 6 foiz o‘sish kutilmoqda. Oltin-valyuta zaxirasi bu yil ilk bor 40 milliard dollardan oshdi. Aholining milliy valyutadagi depozitlari 50 foiz o‘sdi. Xalqaro bozorlarda 4 milliard dollarlik yevrobond joylashtirildi.
Bularning natijasida joriy yilda investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33 foizdan oshadi. Eksport qariyb 19 foizi o‘sishi kutilyapti, deyiladi xabarda.
Biroq prezident kutilayotgan eksport ko‘rsatkichini past deb atadi va loyihalarni tahlil qilib, eksport 25 foizga yetkazish kerakligini aytdi.
“Eksport o‘sishini 25 foizga chiqarish kerak. Bu valyuta balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mahalliylashtirish sohasining ichiga kirib, uni joyiga qo‘ysak, ko‘rsatkichimiz karra-karra ko‘p bo‘lishi tabiiy”, — dedi u.
Davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Jamshid Xodjayevga bir oy muddatda mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqib, parlamentda tasdiqlashni topshirdi.
“Budjetni qanday bajarayotgan bo‘lsak, mahalliylashtirish tizimi ham xuddi shunday bajarilayotgan bo‘lishi kerak”, — deya tushuntirdi u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston faol investitsiya siyosati va islohotlar tufayli barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda davom etishini tasdiqlaydi.
“Bu bizga berilgan katta baho. Biz bunga munosib bo‘lishimiz kerak. Shu bilan birga, xorijiy ekspertlar kelgusi yilda tashqi eksport bozorlaridagi holat yanada chuqurlashadi, deya atagan tahlillar bor. Bu ishlab chiqarish hajmi va eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarga sinov bo‘lishi mumkin. Shularni inobatga olib, har bir soha uchun moslashuvchan tuzilma bersak, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, prezident jahon bozorlarida raqobat kuchayayotgan, xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi sharoitida sanoat va eksportda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan har bir sohada qo‘shilgan qiymat zanjiri va mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish mas’ul shaxslarga topshirildi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot va sarmoyaviy sohadagi asosiy vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, asosiy soliq stavkalari saqlanib qolgan holda, budjet daromadlarini oshirishning yagona yo‘li soliq ma’murchiligini takomillashtirish hisoblanadi.
Davlat rahbari buni tadbirkorlar faoliyatiga aralashish yo‘li bilan emas, balki raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va yashirin iqtisodiyotni qonuniylashtirish orqali amalga oshirish kerakligini ko‘rsatdi.
Xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlarning jalb etilgan imtiyozli mablag‘lari samaradorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yig‘ilishda 2025-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rejalar ham muhokama qilindi.
Prezident 2025-yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Bu rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, transport-logistika, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishni taqozo etadi.
Shavkat Mirziyoyev imtiyozlar samaradorligini qayta ko‘rib chiqish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Kelgusi yilda 78 ta tuman budjet xarajatlarini o‘zini-o‘zi qoplashga o‘tkaziladi, bu esa mazkur tumanlarning respublika budjetidan moliyaviy mustaqilligini oshirishni nazarda tutadi. Buning uchun yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va aylanma solig‘i to‘liq hajmda, shuningdek, daromad solig‘ining 50 foizi mahalliy budjetlarda qoldiriladi.
Ijtimoiy davlat tamoyilidan kelib chiqib, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga ajratiladigan mablag‘larni 20 foizga oshirish nazarda tutilgan.
“O‘zbekiston 24” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, mahallalar farovonligini oshirish orqali 2025-yilda 1 million kishini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan. Prezident davlat budjetida xalq manfaatlarini aks ettirish, shuningdek, xarajatlarni optimallashtirish va bu jarayonni yirik davlat korxonalaridan boshlash zarurligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlar iqtisodiy strategiyasiga xarajatlarni optimallashtirishni kiritgan.
“O‘zbekiston buni izchil amalga oshirishi kerak. Aniqroq aytganda, budjetga tushumlarni oshirish bilan birga xarajatlarni optimallashtirib, iqtisod qilingan barcha resurslarni inson manfaatlariga yo‘naltiramiz”, — deya telekanal prezident so‘zlarini keltiradi.
Qonunchilikka muvofiq mazkur loyiha va uning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari mahalliy kengashlarda muhokama qilinib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.