17-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan IV Toshkent aksilkorrupsiya forumidan so‘ng BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii OAV vakillariga intervyu berdi. U forumning ahamiyati va korrupsiyaga qarshi kurashishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida gapirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Mazkur forumda muhokama qilingan masalalar O‘zbekiston uchun korrupsiyaga qarshi kurashish naqadar muhim ekanligini ko‘rsatadi. Manimcha, bu tadbir birinchi o‘rinda hukumat va barcha hamkorlarning, shu jumladan, BMTTDning ham yutuqlari va sa’y-harakatlarini nishonlash uchun mazmunli platformaligini tan olish kerak. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda yechimini kutayotgan masalalarni ham atroflicha muhokama qilish muhim, deb o‘ylayman. Forum doirasida korrupsiya muammosini ta’lim, o‘qitish, salohiyatni oshirish va kuchaytirish orqali hal qilish muhokamasida barcha faol ishtirok etadi, degan umiddaman”, — dedi u.

Akiko Fujii 2024-yil sentabrida e’lon qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi uchinchi milliy маърuзанинг ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi. “Unda hanuzgacha korrupsiya madaniyatiga qarshi kurashish uchun kerak bo‘lgan mahalliy darajadagi imkoniyatlarning yetishmovchiligi va bu bilan bog‘liq ba’zi muammolar qayd etilgan”, — deya qo‘shimcha qildi BMT vakili.

U O‘zbekiston hukumati korrupsiyaga qarshi kurashishda ko‘proq nimalarga ahamiyat qaratishi zarurligi haqidagi savolga javob berarkan, “Menimcha, birinchi navbatda, bizda aniq ma’lumotlar va tahlillar bo‘lishi kerak. Chunki dalillarga asoslanib ish yuritishga o‘tishimiz lozim. Albatta, hukumat hisobot berishni boshladi, oxirgisi yuqorida aytganimdek, sentabr oyida chiqdi. Bu haqiqatan ham ochiqlik va shaffoflik tomon yaxshi siljish, sababi ma’lumotlarsiz biz noto‘g‘ri yo‘nalishlarda kurash olib borishimiz va bu samarali bo‘lmasligi mumkin. Bundan tashqari, bu borada ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lish, odamlar uchun ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash hamda jamiyatdagi shaffoflikni yaxshilash juda muhimdir”, — dedi Akiko Fujii.