“Gazeta.uz” katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sud jarayonlarini yoritib keladi. Nashr Nukus voqealari, Dok-1 Maks, Baxti Tashkentskiy ishlari bo‘yicha sud majlislaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar olib bordi, “Do‘stlik” bog‘i sud ishi haqida batafsil ma’lumot berdi va ayni vaqtda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi sobiq rahbari Anvar Jo‘rayevga qarshi sud jarayonlarini kuzatib boryapti.
Tahririyat xodimlari sud zalida sudyalar tomonidan jurnalistik faoliyat erkinligini cheklashga urinishlarga bir necha bor duch kelgan. “Gazeta.uz” muxbiri Dilyaver Ablyakimov jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev bilan jurnalistlarning sud majlislarida qatnashishiga doir qoidalar, sud ishlarini yoritishga qo‘yiladigan taqiqlarning sabablari va oshkoralikning ahamiyati haqida suhbatlashdi.
Sarvar Mamadiyev jurnalistika fakulteti talabalari uchun OAVda sud jarayonlarini yoritish amaliyotiga bag‘ishlangan seminarda ma’ruzachi sifatida ishtirok etgan. Tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va East-Wyest Management Institute (AQSh) NNT filiali tomonidan tashkil etilgan edi. “Tadbir sudlar faoliyatini professional tarzda yoritishi mumkin bo‘lgan jurnalistlarga bo‘lgan ehtiyojning ortishi munosabati bilan o‘tkazilgan”, — deyiladi Mass-media fondi axborotida.
Sarvar Mamadiyev. Foto: Mass-media fondi.
— Nima uchun ayrim sud jarayonlarini yoritishga ruxsat berilmaydi?
— Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasida barcha sud ishlari oshkora tartibda ko‘rib chiqilishi belgilangan. Jinsiy jinoyatlarga oid ishlar ko‘rib chiqilayotganda yoki ishda davlat siri mavjud bo‘lganda, majlislar yopiq tarzda o‘tkazilishiga doir istisnolar mavjud. Shuningdek, sud jarayoni qisman yopiq shaklda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan ayrim holatlar ham bor.
— Majlis qisman yopiq shaklda o‘tkaziladigan holatlarga misollar keltira olasizmi?
— Jinoiy sud jarayonida jarayon ishtirokchilarning shaxsiy yozishmalari muhokama qilinayotganda, guvohlar va ishning boshqa ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash zarur bo‘lganda yoki sud muhokamasida voyaga yetmaganlar ishtirok etayotgan taqdirda ochiq majlis yopiq shaklga o‘tishi mumkin.
— Sud jarayonini yopiq shaklda o‘tkazish to‘g‘risida kim qaror qabul qiladi?
— Avvaliga sudya tomonlarning fikrini so‘raydi. Agar tomonlar o‘z ishlari jamoatchilikka ochiq bo‘lishini istamasalar, ular sudga e’tiroz bildirgan holda, muayyan sabablarga ko‘ra jamoatchilik bundan xabardor bo‘lishini istamasliklarini ma’lum qilishlari mumkin. Qoida tariqasida, sud majlisida ayblovchi tomondan vakil sifatida prokuror ham ishtirok etadi. Sud raisi undan ham fikr so‘raydi.
Hatto ish bo‘yicha tomonlar jurnalistlarning sud zalida ishtirok etishiga qarshi bo‘lsa ham, sud raisi zarur deb topgan taqdirda, ularning ishtirokiga yo‘l qo‘yishi mumkin, lekin bundan oldin ishtirokchilarning fikrlarini so‘rash muhim.
— Tajribangizda jarayon qisman ochiq, qisman yopiq shaklda o‘tkazilgan holatlar ham bo‘lganmi?
— Mening amaliyotimda tomonlar ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokini istamagan holatlar bo‘lgan. Bir bloger sud majlisiga kirmoqchi bo‘ldi, u sud jarayonida ishtirok etmayotgan, biroq ko‘rib chiqilayotgan ish ularning manfaatlariga daxldor bo‘lgan uchinchi shaxslar nomidan qatnashishni so‘radi.
Bu 168-modda bo‘yicha ko‘rilayotgan firibgarlik ishi edi. Bino qurilishining buyurtmachisi va pudratchisi o‘zaro nizolashayotgan, firibgarlik masalasi muhokama qilinayotgan edi. Uchinchi shaxslar — bu binodagi yangi xonadonlarga pul to‘lagan, biroq kadastr hujjatlari berilmagan fuqarolar edi. Ushbu jinoyat ishining asosi kadastr masalasi emasdi. Xonadonlarning egalari ishda ishtirok etmagan.
Bloger sudda bizga tushuntirishicha, bu odamlarni binoning keyingi taqdiri, shuningdek, sud jarayonida muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan kadastr hujjatlarini berish masalasi qiziqtirardi. Tomonlar videotasvirga olishga rozilik bermadi, lekin men baribir bu blogerga kadastr masalasi muhokama qilinayotgan vaqtda sud majlisida hozir bo‘lishga ruxsat berdim. Biz o‘sha paytda ish bo‘yicha sud muhokamasini o‘tkazmadik. Bloger o‘z ishidan mamnun bo‘ldi. Undan o‘z masalasini ko‘tarishni so‘ragan odamlar ham blogerning, ham sudning harakatlaridan mamnun bo‘ldi.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov. Foto: Mass-media fondi.
— Sudya jurnalistlar bilan materiallarni e’lon qilish qoidalarini muhokama qiladimi?
— Men, masalan, jurnalistga “Har bir sud majlisida qatnashing, jarayonni videotasvirga oling, lekin videoni faqat hukm chiqarilgandan keyin e’lon qilish mumkin”, deb aytaman. Hukmga qadar bu sudga muayyan qaror chiqarish uchun bosim bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Jurnalist jamoatchilik nomidan kelsa, jarayonni yoritishni jamiyat so‘rayotgan bo‘lsa, buni tushunish mumkin. Biroq jurnalist tomonlardan birining manfaatlarini ko‘zlagan holda kelsa, bu sudyaning hukm chiqarishiga ta’sir qiladi.
— Jurnalist tomonlardan birining manfaatlarini ko‘zlab kelgan yoki yo‘qligini qanday bilish mumkin?
— Bu sud jarayonida jurnalistdan so‘raladi. Agar uning asosiy maqsadi jamoatchilikni xabardor qilish bo‘lsa, biz unga videotasvirga olish imkoniyatini berishimiz mumkin. Har bir alohida holatda sudya sud zalidan olingan videotasvirni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yoki majlisdan so‘ng darhol e’lon qilishga ruxsat berish yoki umuman ruxsat bermaslikni mustaqil ravishda hal qiladi.
Agar jurnalist tomonlardan birining manfaatlarini ko‘zlab kelganini aytsa va bunda tomonlar ochiq majlisga rozi bo‘lsa, sud ham jurnalistga sudda hozir bo‘lish va jarayonni yozib olishga ruxsat beradi. Biroq ikkinchi shaxslarning manfaatlarini hisobga olgan holda, biz jurnalistni hukm chiqarilgunga qadar hech narsa e’lon qilmaslik haqida ogohlantiramiz.
Jurnalistlar uchun seminardan lavha. Foto: Mass-media fondi.
— Gap faqat videomateriallar haqida emas, balki matnlar haqida ham ketyaptimi?
— Matnli materiallar bilan hech qanday muammo yo‘q. Faqat audio va videoyozuvlar sudyaning roziligi bilan amalga oshiriladi. Agar siz ochiq sud jarayonida ishtirok etayotgan bo‘lsangiz, majlisda nimalar bo‘layotganini bemalol yon daftaringizga yozib olishingiz mumkin.
Biroq bundan keyin sizning materiallaringiz sud jarayoniga ta’sir ko‘rsatmasligi kerak va siz sud jarayoni bo‘yicha biror fikr bildirmasligingiz lozim. Jarayon bo‘yicha ma’lumot tariqasida so‘zlab berishingiz mumkin.
Agar siz kimningdir manfaati yo‘lida harakat qilayotgan bo‘lsangiz yoki manfaatdor tomonlardan birining fikrini yoqlab chiqsangiz, bu sudga bosim sifatida xizmat qilishi mumkin.
— Videomateriallar bilan matnli materiallarning farqi nimada? Nima uchun matnli yozuvlarni erkin, foto va audioyozuvlarni esa faqat ruxsat bilan e’lon qilish mumkin?
— Bilamizki, sud jarayoni qizg‘in kechadi. Videoda siz barcha his-tuyg‘ular va sudda nima sodir bo‘layotganini to‘liq ko‘rsatishingiz mumkin. Matn yozayotganingizda esa o‘z tajribangizga, nuqtai nazaringizga tayanasiz. Nimani tushunsangiz, shuni yozasiz.
Videoda ish ishtirokchilari nimanidir aytishlari, lekin keyinchalik sud jarayonida bu tasdiqlanmasligi mumkin. Axir, buning rost yoki yolg‘onligini siz oldindan bilolmaysiz. Videodagi ish ishtirokchilarining his-tuyg‘ulari tomoshabinlarda yanglish tasavvur uyg‘otishi mumkin.
Agar jurnalistlar videotasvirga olishni boshlasa, biz ularga jarayonning barcha majlislarida ishtirok etishlari kerakligini aytamiz. Bugun bir tomon fikr bildirishi va bu haqiqatdek ko‘rinishi mumkin. Biroq ertasi kuni u yoki bu holat yoki ko‘rsatmalar yuzaga chiqqanda, bu bayonot o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkin.
Jurnalist jarayonni batafsil va har tomonlama ko‘rib chiqishi, shundan keyingina materialni e’lon qilishi kerak.
— Videotasvirga olish taqiqlanishi mumkin bo‘lgan boshqa sabablar bormi?
— Guvohlar. Qoidalarga ko‘ra, sud zalida guvoh so‘roq qilinayotganda boshqa guvohlar chiqarib yuboriladi. Guvohlar boshqalarning versiyalarini eshitmasliklari va o‘z ko‘rsatmalari davomida ularni takrorlamasliklarini ta’minlash maqsadida shunday qilinadi.
Biroq, agar majlis to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda o‘tkazilsa yoki videolavhalar majlisdan keyin darhol e’lon qilinsa, bu adolatsiz sudlovga olib kelishi mumkin.
— Sud jarayonida olingan videoyozuvlar jarayon tugagandan so‘ng emas, balki sud muhokamasi vaqtida e’lon qilingani yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilganiga ko‘plab misollar bor. Bunday qaror qanday hollarda qabul qilinadi?
— Butun sud jarayoni ikki oydan olti oygacha davom etishi mumkin. Bu jurnalist har bir sud majlisida qatnashib, har bir majlisni yorita oladimi? Agar bu ijtimoiy ahamiyatga ega yoki shov-shuvli ishlar bo‘lsa, bu haqda sudda jurnalistlar, tahririyatlar, jamoat tashkilotlari va boshqalar ma’lum qiladi. Ular ushbu jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish yoki har bir majlisdan so‘ng e’lon qilish uchun sudga iltimosnoma kiritadi.
Agar sud bu dalillarni yetarli deb hisoblasa, OAV va blogerlarga majlislarni tasvirga olish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishga ruxsat beradi. Masalan, Nukus voqealari bo‘yicha Buxoroda ko‘rilgan sud jarayonida har bir majlis to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan (“Gazeta.uz” izohi: Bu efirlar tahririyat tashabbusi bilan Oliy sud bilan kelishilgan holda uyushtirilgan).
— Agar majlis ochiq bo‘lsa va jurnalist sud zaliga bemalol kirgan bo‘lsa, u sud jarayoni bo‘yicha material tayyorlashi haqida sudga xabar berishi shartmi?
— Sud zalida hozir bo‘lish bemalol, bu yerda masala — bo‘layotgan voqealarni qayd etishda. Agar sud jarayoni boshlanishidan oldin jurnalist o‘zining jurnalist ekanligi va bu yerda videotasvirga olish yoki ovoz yozib olishni yoki keyinchalik e’lon qilish maqsadida qo‘lda yozib olishni xohlayotganini bildirsa, bu holda jurnalist sudga rostini aytadi — u ishni qanday maqsadlarda yoritmoqchi va uning bu jarayondagi ishtiroki nimadan iborat ekanligini tushuntiradi.
Shundan so‘ng biz bu masalani tomonlar bilan muhokama qilamiz. Agar fuqarolik yoki ma’muriy sudda tomonlar OAV vakillari tomonidan biror shakldagi yozuv amalga oshirilishini istamasa, sudya hech narsa qila olmaydi, u tomonlar fikrini ma’qullab, ruxsat bermasligi kerak. Jinoyat ishlarida tomonlar fikri so‘raladi, biroq sudya jurnalistlar ishtirok etishi mumkinligi bo‘yicha qarorni o‘zi qabul qilishi mumkin.
— Ochiq sud jarayonida jurnalistlardan tashqari oddiy fuqarolar ham ishtirok etib, majlisdan so‘ng sud haqida post yozishi yoki ijtimoiy tarmoqlarda sud jarayonining borishi haqida o‘z fikrini bildirishi mumkin. Bu sudga bosim deb hisoblanadimi?
— Agar u katta auditoriyaga ega bloger bo‘lsa, u ham e’lon qilgan narsasi uchun javobgar hisoblanadi. Noto‘g‘ri talqin yoki bayonot bilan u sudga bosim o‘tkazishi mumkin. Agar ijtimoiy tarmoqlarda kichik doiradagi “do‘stlari” yoki obunachilari bo‘lgan oddiy odam o‘z fikrini ushbu auditoriyada bildirsa, bu holda sudga bosim bo‘lmaydi va bunday harakatlar hech qanday jazoga tortilmaydi.
Ta’kidlash joizki, ko‘p sonli obunachilarga ega OAV va akkauntlar nafaqat o‘z materiallari uchun, balki uларniнг auditoriyasi ushbu material ostida qoldirgan izohlar uchun ham javobgardir. Ular buni nazorat qilishlari lozim. Bu ularning majburiyatlariga kiradi.
Agar biror shaxs izohlarda kimnidir nohaq ayblagan yoki haqoratlagan bo‘lsa, bu uchun post egasi ham javob beradi. Yodda tutish muhimki, inson erkinligi boshqa insonning erkinligi boshlanadigan joyda tugaydi. O‘z talqin va mulohazalarini bayon etishda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak.
— Mening amaliyotimda shunday holat bo‘lganki, sud videoga olish va hukm chiqarilgandan keyin materialni e’lon qilishga ruxsat bergan, lekin sud raisi OAV vakillariga alohida audioyozuv uchun ruxsat bermagan. Bu nima bilan bog‘liq?
— Har bir sudya shaxsan o‘zi qaror qabul qiladi. O‘shanda u nimaga asoslanganini bilmayman, lekin taxmin qilish mumkinki, sudya audioyozuv salbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkinligi sababli ruxsat bermagan. Ehtimol, sud zalida sud bayonnomasi yoki yozuv olib borilgan va sudya qo‘shimcha audioyozuvni ortiqcha deb hisoblagandir.
Sayr payti notanish shaxs tomonidan umurtqa pog‘onasi sindirilgan Dmitriy Sattorov jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumanlararo sudidagi sud majlisidan so‘ng.
— Ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent tumanlararo sudida ko‘rib chiqilgan “Do‘stlik” bog‘i ishi bo‘yicha sudya tahririyatimiz jurnalistlariga sud qarori kuchga kirgunga qadar materiallarni e’lon qilish mumkin emasligini aytgan edi. Tahririyatimizning rasmiy so‘rovidan so‘ng bunday taqiq yo‘qligi ma’lum bo‘ldi va hamkasblarim jarayonni yoritishda davom etdi. Sizningcha, sud dastlab buni nima sababdan taqiqlagan bo‘lishi mumkin?
— Bu ma’muriy sud bo‘lganligi sababli, tomonlardan biri jarayonni yoritishga qarshi chiqqan yoki jurnalist sudni o‘zining biror tomon manfaatini ko‘zlab kelmaganiga ishontira olmagan bo‘lishi mumkin. Balki, yozma so‘rovda ishontirishga muvaffaq bo‘lgandir.
— Shunga o‘xshash holat Dmitriy Sattarovning ishini yoritganimda ham bo‘lgandi. U iti bilan sayr qilayotgan vaqtida notanish kishi uning umurtqasini sindirgan. Dastlabki majlislardan birida sud raisi OAV vakillari borligini bilgach, mendan majlisga nima maqsadda kelganim va materiallarni qanday shaklda tayyorlamoqchi ekanimni so‘radi. O‘shanda men ma’lumotlarni yon daftarimga yozib olayotgan edim. Sudya majlisdan so‘ng uning oldiga kirishimni so‘radi. Shaxsiy suhbatda u jarayonni yoritish maqsadga muvofiq emasligini aytdi. Biroq, mening fikrimcha, uning dalillari yetarli emasdi, axir men sud jarayoniga aralashmoqchi emasdim. Men bu ish bo‘yicha har bir majlisda qatnashdim va reportajlar yozdim. Nima uchun u jarayonni yoritishni taqiqladi? O‘sha suhbatdan keyin ham shu ish bo‘yicha materiallar tayyorlashda davom etganim to‘g‘rimi?
— Sudyaning sizni shaxsiy suhbatga chaqirgani g‘alati. Agar sudya bu jarayonni yoritish mumkin emas, deb hisoblasa va buni jurnalistga aytmoqchi bo‘lsa, bu haqda sud zalida, majlis payti gapirishi kerak edi. Sudya bu haqda sud jarayonida rasman ma’lum qilishi mumkin.
Ehtimol, u sizni tomonlardan birining manfaatini ko‘zlab kelgan deb o‘ylagan va shuning uchun shunday degandir. Agar u sizga sud zalida jarayonni hukm chiqarilgunga qadar yoritish mumkin emasligini aytganida, siz esa yoritishda davom etganingizda, bu jarayonga aralashish va sudga bosim o‘tkazish, deb hisoblanardi. Biroq shaxsiy suhbatda aytilgan gap taqiq hisoblanmaydi.
— Mahalliy ommaviy axborot vositalarining sud jarayonlari haqidagi materiallarini qanday baholaysiz?
— Men jurnalistika fakultetlarida yurisprudensiya fanini joriy etish kerak, deb hisoblayman. Shunda yosh kadrlarni oliy o‘quv yurtidayoq sudlar bilan ishlashga tayyorlash mumkin bo‘ladi. Jurnalistlar o‘z huquq va majburiyatlarini bilishlari juda muhim. Biz notarius yoki FHDYO bo‘limi emasmizki, binomizdan hamma mamnun bo‘lib chiqsa.
Eng asosiysi, hukmlar qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi kerak. Agar jurnalist biror bir sud ishi haqida aholini xabardor qilishga kirishsa, u bunday nozik jihatlarni tushunishi lozim.
— Sudyalar jurnalistlar bilan ishlashga tayyormi?
— Sudlarni yoritish amaliyoti paydo bo‘lganiga endi besh-olti yil bo‘ldi. Ilgari bunday bo‘lmagan (“Gazeta.uz” izohi: “Gazeta.uz” sudlarni bundan ham uzoqroq vaqtdan beri yoritib kelmoqda). Hozir, aytish mumkinki, sizga eshik ochildi, keling, marhamat. Jurnalistlar allaqachon materiallar tayyorlashga tayyor, kameralar va mikrofonlar bilan sud zallariga kirmoqda.
Lekin bunga ko‘nikish uchun sudyalarga vaqt kerak. Sudyalarning ko‘pi yopiq odamlar. Ularga kameralar qarshisida ishlash noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Ammo bu vaqt o‘tishi bilan o‘tib ketadi.
— Ilgari sudlarni yoritish mumkin bo‘lmaganmi?
— Mumkin edi. Jinoyat-protsessual kodeksining sud muhokamasining ochiqligi to‘g‘risidagi 19-moddasi 1994-yildan beri amalda. Ammo 2016-yilgacha O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan qancha ham mustaqil OAV va blogerlar bor edi o‘zi? Sud muhokamalari jamiyatga qiziqmidi? Bularning barchasi so‘nggi yillarda, davlat yanada ochiqroq bo‘la boshlagach paydo bo‘ldi.
— 1994-yilgacha jurnalistlarning sud majlislariga qo‘yilishiga og‘zaki taqiq bo‘lganmi?
— Yo‘q, hech qanday taqiq bo‘lmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar sud jarayonlarini olib borishda mustaqil. Bizning ishimizga aralashishga hech kimning haqi yo‘q.
Biz rahbariyatimiz bilan faqat ma’muriy va mehnat masalalarini muhokama qilamiz. Agar sudyalar o‘zlarini nomaqbul tutsa, ular bizga maslahat yoki tanbeh berishi mumkin. Bunday holatlar Toshkentda bo‘lgan. Lekin ishni qanday olib borish, sud zaliga kimni qo‘yish yoki qo‘ymaslikni faqat sudyaning o‘zi hal qiladi.
— Sizningcha, sud jarayonlarini yoritish kerakmi?
— Ba’zan sud ishlariga jurnalistlarni o‘zim taklif qilaman. Mening ishlarim har doim ham ommaviy axborot vositalari va jamiyat uchun qiziqarli bo‘lavermaydi, lekin ishni jamoatchilik uchun ahamiyatli deb hisoblasam, ularni chaqiraman. “Gazeta.uz”ni kelgusida barcha ochiq majlislarimga taklif qilaman.
Masalan, firibgarlik yoki kiberxavfsizlik bilan bog‘liq ish bo‘lsa, o‘ylaymanki, kelgusida boshqa odamlar ham shunday firibgarlarga chuv tushib qolmasligi uchun aholi bundan xabardor bo‘lgani ma’qul. Agar sud ishi OAVda yoritilsa, bu sudyaning o‘zini ham tashqi bosimdan himoya qilishi mumkin.
Menga hech kim qo‘ng‘iroq qilib, biror narsa ayta olmaydi, chunki hamma narsa aholi uchun ochiq. Sud ishlarini yoritish aholining ishonchini oshiradi, chunki bunda shaffoflik bor. Odamlar sudya nima uchun u yoki bu mazmunda qaror chiqarganini shu tariqa tushuna boshlaydi.