Surxondaryo viloyati Denov tumanida Nexia-3 avtomobili gaz quvuriga urilishi oqibatida avariyaviy holat sodir bo‘ldi.
Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, holat 18-oktabr kuni tunda, soat 01:30 da tumandagi Olovuddin mahallasida sodir bo‘lgan.
Hodisa oqibatida tumandagi 3950 ta xonadon va 20 ta yirik iste’molchi vaqtincha gazsiz qoldi, deyiladi Surxondaryo viloyati hokimligi ma’lumotida.
Gaz ta’minoti filiali yuzaga kelgan noqulayliklar uchun barcha iste’molchilardan uzr so‘ragan va ta’minotni tiklash bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.
“Hududgaz Surxondaryo” soat 09:34 da tumanda joylashgan aholi iste’molchilari va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarini tabiiy gaz bilan ta’minlash qayta tiklanganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Muzrabot tumanida 24-sentabr kuni Lacetti gaz quvuriga kelib urilishi oqibatida gaz sizib chiqqan va 915 ta xonadon ta’minotdan vaqtincha uzib qo‘yilgandi.
Ushbu nosozlikni bartaraf qilish uchun hududga maxsus brigada jalb etilgan va avariya oqibatlari 25-sentabr kuni to‘liq bartaraf qilingan. Iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich tiklangan.