Shahar va qishloq aholisining ruhiyatidagi farqni o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqot natijalariga ko‘ra, shahar aholisida behalovatlik undan tashqarida yashaydiganlarga nisbatan 21 foizga, kayfiyat buzilishi ehtimoli esa 39 foizga yuqori bo‘ladi. Uyda yoki idorada soatlab vaqtini kompyuter qarshisida yoki smartfon ekraniga termulib o‘tkazadiganlarning bir muddat tabiat qo‘ynida bo‘lishi ham ularning shahar g‘alvalaridan bir muddat bo‘lsa-da tin olishiga, quvvatini tiklab, o‘zini yaxshiroq his qilishiga yordam beradi.
Sayr qilishga sohil bo‘yi yoki tog‘ yon-bag‘irlari bo‘lsa qanday soz, ammo ular bo‘lmasa-chi — unda nima qilmoq, qayerda ko‘ngil yozmoq kerak? Shahar ichidagi parklar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar sohilbo‘yining ham, tog‘ yon-bag‘irlarining ham o‘rnini, qisman bo‘lsa-da, bosa oladigan tengsiz bir makondir. Ammo idealda ular qanday bo‘lishi kerak?
Bunga har kim o‘zidan, kasbidan kelib chiqib: urbanist — shaharsozlik, arxitektor — loyihalashtirish, hokim — o‘zi rahbarlik qilayotgan hudud imidjini yaxshilash, tadbirkor esa daromad topish nuqtai nazaridan javob beradi. Daraxtlarni o‘rganish bo‘yicha mutaxassis — dendrolog nazdida-chi, parklar qanday bo‘lishi kerak? Parklar qanday bo‘lsa, stressli hafta oxirida aholi yakka yo oilaviy borib dam olishi uchun qulay hisoblanadi?
“Gazeta.uz” shu kabi savollar bilan Toshkent Botanika bog‘ining yetakchi dendrolog mutaxassisi Atirgul Xolmirzayevaга murojaat qildi.
Parklar ko‘p bo‘lishining o‘zi yetarli emas
Aholisi 3 mln kishidan ortiq bo‘lgan, har kuni yana taxminan 1 millionga yaqin odam kirib-chiqadigan Toshkent shahrida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 ta madaniyat va istirohat bog‘lari mavjud. Baxtga qarshi, ular shahar bo‘ylab bir xilda taqsimlanmagan — ayrim tumanlarda bir necha park yonma-yon bo‘lgani holda, boshqalarida bitta ham normal faoliyat yuritadigan istirohat bog‘i bo‘lmasligi mumkin.
Atirgul Xolmirzayevaning ta’kidlashicha, mavjud istirohat bog‘lari aholining barcha qatlamlari uchun mos va qulay bo‘lishi ularning sonidan kam bo‘lmagan darajada muhimdir. Ya’ni, har bir shaxs va oila moliyaviy ahvolidan xavotirlanmay, o‘zi va farzandlari bilan parkka bora olishi va hordiq chiqara olishi zarur.
Istirohat bog‘larining hozirgi ahvoliga to‘xtalar ekan, Atirgul opa ularni avvalgi holati bilan taqqoslamaslik imkonsiz, deb hisoblaydi.
“Toshkent ilgari yashil shahar edi — hamma joyda park, bulvar bo‘lardi, ariqlar suvga to‘la edi. Har bir ishchi oila dam olish kunlari sersoya parkda sayr qilar, yozda hovuzlarda cho‘milardi. Hozir bularning bari qisqarib ketdi. Parklar kamaytirilib, ularning hisobidan imoratlar, boshqa xil obyektlar qurildi”, — deydi u.
Misol tariqasida u sobiq G‘alaba parkini keltiradi. 1990-yillar o‘rtalarida uning bir qismida Akvapark, boshqa bir qismida attraksionli Toshkentlend qurilgan. Qolgan qismida esa kirish pulli bo‘lgan Yapon bog‘i tashkil etilgan. Atirgul opaning qayd etishicha, G‘afur G‘ulom nomidagi (hozirgi Dream Park) bog‘ ham avvalgidek daraxtzor emas.
“Parklarning bari kichiklashyapti. Bir vaqtlar xatlov qilganimiz uchun, o‘sha vaqtda har bir parkda qancha o‘simlik bor, holati qandayligini o‘rganganimiz uchun men buni yaxshi bilaman. Xususan, o‘z davrida Abdulla Qodiriy bog‘ini ko‘kalamzorlashtirishga ham yordam berganmiz. Uning hozirgi ahvolini ko‘rsangiz edi — uyog‘idan ham, buyog‘idan imoratlar qurib tashlangan, park kichkina bo‘lib qolgan, daraxtlari kamaygan, katta daraxtlari kesilib ketgan”, — deydi u.
“Milliy bog‘ga ta’mirlash ishlari tugaganidan keyin borganimizda, blogerlar mendan: „Bu yerda bo‘lgan daraxtlarning qanchasi qolgan ekan?“, deb so‘radi. O‘shanda men „50 foiz“, dedim. Aslida 50 foiz ham qolmagan. Katta daraxtlar kesilib ketgan, qolgan bo‘lsa ham qing‘ir-qiyshiqlari, kasallanganlari qolgan — ular ham bechorahol turgan edi”, — deydi u.
Tabiat o‘ziga nisbatan bunday hurmatsizlikni shu holicha tashlab qo‘ymaydi — havo sifati yomonlashadi, biz esa buni salomatligimiz yomonlashayotganidan his qila boshlaymiz.
Daraxtlar nima uchun muhim?
Atirgul opa ham bugungi kundagi sanoqsiz hastaliklar va ularning keng tarqalishiga, xususan, daraxtlarning ayovsiz kesilishi bilan bog‘liq kislorod yetishmasligi sabab bo‘lishi mumkin, deydi.
“Nega men asosan Botanika bog‘ida bo‘laman, u yerda ishlayman? U yerda havo toza. Ish bilan shaharga chiqsam, havo sifatidagi farq birdan seziladi, boshog‘rig‘im qo‘zg‘aydi. Botanikaga qaytishim bilan og‘riq qoladi. Havo sifati bilan bog‘liq shunga o‘xshash misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin”, — deydi mutaxassis.
Jumladan, chaqaloqlar bosh miyaning ichki bosimi bilan tug‘ilayotgani, yoshi katta fuqarolarning aksariyatida doimiy hol bo‘lib qolgan boshog‘rig‘ini ham Atirgul Xolmirzayeva toza havo yetishmovchiligidan, deb biladi. “Chiqindi gazlar ko‘plab kasalliklarga sababchi bo‘lgani uchun kislorod manbai hisoblangan o‘simliklar, daraxtlarni ko‘paytirish tarafdoriman”, — deydi u.
Mutaxassis istirohat bog‘laridagi daraxtlarni yanada ko‘paytirish zarurligi haqidagi ko‘pchilik ko‘p takrorlaydigan haqiqatni uqtirarkan, sersoya va tez o‘sadigan daraxt turlarini ekish nafaqat bog‘ning o‘zi, balki butun shahar uchun foydali, deydi. Ammo mitti urug‘dan zararli gazlarni “yutib”, kislorod ulashuvchi bahaybat daraxtga aylanadigan mo‘'jizaning hayotimizda qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini hamma ham to‘la anglayvermaydi.
“Daraxtlar zararli gazlarni yutib, kislorod chiqarishdan tashqari sho‘rlikni ham ushlaydi. Chang havodan nafas olishning tabiiyki salomatlikka ta’siri va uning kelajak asoratlari bor. Hozir dunyo bo‘yicha daraxtlar ko‘p kesilayotgani bois tuproq sho‘rlanishi muammosi yildan-yilga dolzarblashmoqda. Sho‘rlanishning oldini olish uchun ko‘proq daraxt, o‘simliklar ekish kerak, ular esa, o‘z navbatida, havoni ham tozalaydi, kasalliklarni ham kamaytiradi”, — deydi u.
Ayrimlar befoyda, faqat budjet pullarini o‘zlashtirish va ko‘zbo‘yamachilik uchun ekiladi, O‘zbekiston shaharlari iqlimiga mos kelmaydi, deb hisoblaydigan archa v qarag‘aylar ham odamlar salomatligi uchun zarur, deydi Atirgul opa.
“Ular bejiz ekilmaydi. Odamning ko‘zi, ko‘zining nuri uchun yashillik zarur. Qarag‘ayning yashilligi esa qish kunlari ko‘zga nur beradi. Bundan tashqari, tarkibidagi efir moyi va fitonsit zararli infeksiyalar, xususan, silni qo‘zg‘atuvchi Kox tayoqchasini ham yo‘q qiladi. Agar archalar o‘zidan efir moylari bilan fitonsit chiqarib turmasa, sil tayoqchasi ko‘payib ketgan bo‘lardi. Axir o‘pka-bronx kasalliklari, astmadan aziyat chekuvchilarga igna bargli o‘simliklar bor joyda nafas olish maslahat beriladi-ku”, — deydi u.
Shuning uchun, mutaxassisning aytishicha, manzarali o‘simliklarni ignabarglilar bilan aralashtirib, to‘p-to‘p qilib ekkan maqsadga muvofiq. Masalan, bir joyga beshta archa ekdingmi, nariroqqa yana shuncha qarag‘ay ko‘chati qada — ham chiroyli, ham foydali bo‘ladi.
Parvarish faqat sug‘orishdan iborat emas
Baxtga qarshi, birgina daraxt ekishning o‘zi bu muammoga yechim bo‘lolmaydi. Parvarishni to‘g‘ri qilish muhim, ayni vaqtda, bu vazifa ham birgina sug‘orishning o‘zidan iborat emas — har bir ko‘chatning tagini yumshatish, unga oziqa berish kerak. Aks holda daraxtlarning ahvoli “og‘irlashadi”. Masalan, so‘nggi yillarda ko‘p ko‘zga tashlanayotgan “xastalik"lardan biri — daraxt yaproqlarining kuz kelmay sarg‘ayishi va to‘kilishi. Daraxtlarning bunday qaqshashida poytaxtda avj olgan betonsevarlikning ham o‘rni bor.
“Parvarishga yaxshi va to‘g‘ri e’tibor berilmasligi oqibatida ekilgan ko‘chatlar asta-sekin quriy boshlaydi. Alal-oqibat kasallanadi. Tagi, uchdan bir qismi quriydi. Shunday vaziyatlarda kesib, tagidan qayta parvarish qilish lozimligini aytaman. Avvalo, barcha daraxtlarning tagi yumshatilishi kerak. Hozir hammayoqda daraxtlar osti betonlanib, asfalt qilib tashlanyapti — bu emin-erkin o‘sishi kerak bo‘lgan o‘simliklar uchun to‘siq”, — deydi u.
Atirgul opaning ta’kidlashicha, daraxt ildizi qancha katta bo‘lsa, uning atrofi ham shuncha bo‘sh, deylik, tag qismi asfaltdan ikki metr uzoqda bo‘lgani ma’qul. Uning atrofiga tuproqni yumshatib, gullar, maysa ekish mumkin. Betonlab tashlansa, oftob qizdirgan betonning issig‘i ildizlarga ham ta’sir qiladi.
“Jazirama vaqti “tomirlari"gacha qizigan daraxtlar yashab qolish uchun issiqdan sarg‘aya boshlaydi va barglarini tashlab yuboradi. Yozning kunida bargsiz turgan, misoli yalang‘och daraxtni odamlar qurib qolibdi degan gumonda chopib tashlaydi. Vaholanki, daraxtning bunday holga kelishiga biz o‘zimiz — odamlar sababchi”, — deydi u.
Atirgul opa qurigani bahona qilinib kesishga tayyorlanayotgan daraxtlar bilan bog‘liq “to‘polon"larda ko‘p bo‘ladi, aniqrog‘i, aholi uni shunday janjalli vaziyatlarga mutaxassis o‘laroq taklif qiladi. Uning aytishicha, ko‘pincha mojaro joyiga borib, “kesilishga nomzod” daraxtning tag qismiga qaraganida, u qurimagani, aksincha, issiqdan “esankirab”, namligimni yo‘qotmay deb yaproqlarini tashlab yuborgani, shu tariqa daraxt o‘ziga “dam bermoqchi” bo‘lganini ko‘radi. Shu tariqa u ancha-muncha daraxtlarning hayotini saqlab qolgan.
“Biz insonlarda ham bilagimizni bog‘lasak, tomirda qon aylanolmay, og‘riq paydo bo‘ladi-ku, daraxtlarda ham shunday — ular ham tirik organizm”, — deya tushuntiradi u. Shuning uchun ham daraxtlarning tag qismi beton va asfaltlanishini yoki, G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘ida bo‘lgani kabi, daraxtlarga har turli trosslar tortilib, attraksionlar qoqib, tirkab qo‘yilishini xuddi inson tanasiga jarohat yetkazishga o‘xshatadi.
“Bunday attraksionlarga qancha ko‘p odam chiqsa, daraxt tomirlari shuncha ko‘p tebranib, shuncha ko‘p azob chekadi. Ularni olib tashlash kerakligini aytsam, bog‘ga egalik qiluvchi direksiya agronomi, menga qarab: „Siz o‘zi bu sohani tushunasizmi?“, deydi. Sizga faqat pul qiziq, daraxtning qiynalishi, ertaga qurib qolishi bilan ishingiz yo‘q, dedim; o‘simlikni ekib, katta qilish mashaqqatini uni parvarishlagan odam biladi, mana shunday tayyoriga kelganlarning esa joni achimaydi. „Ishingiz bo‘lmasin, botanika bog‘ingizni eplab oling avval“, deb javob berishdi”, — deydi Atirgul Xolmirzayeva.
Daraxtlarning foydali funksiyalari havoni tozalash va sho‘rlanishning oldini olish bilangina kifoyalanmaydi. Daraxtlar shovqinni kamaytirib, sokinlikni ham ta’minlaydi. Atrofida turar joy va ofis binolari bo‘lgan attraksionli parklarda esa daraxtlar ayniqsa ko‘p bo‘lishi kerak.
“Avvalgi davrlarda parklarda attraksionlar bo‘lardi, lekin hozirgidek ko‘p ham emasdi. Aslida parklarda attraksionlarga ustuvorlik berilmasligi kerak. Parklarga faqat bolalar bormaydi, masalan, keksa yoshdagi kishilar ham uyi atrofidagi bog‘ga borib sayr qilgisi, tengqurlari bilan xotirjam suhbatlashgisi keladi. Chunki qariyalar borib, ko‘ngil yozishi mumkin bo‘lgan joylar o‘zi shundoq ham kam, bolalar va yoshlarniki kabi serob emas. Attraksionlardan chiqadigan shovqin-suron esa nafaqat keksalar, umuman nevrologik kasalliklari bor kishilarga ham yoqavermaydi”, — deydi mutaxassis.
Shovqin ushlab qolinishi uchun ham parkning nafaqat ichki qismiga, balki atrofiga ko‘pdan ko‘p daraxt ekmoq kerak. “Bittagina daraxt qancha ham joy olardi? Ammo pul keltiradigan narsalar qilish va qurish uchun ishni birinchi bo‘lib daraxtlarni kesish, ularga zarar yetkazishdan boshlashadi. Buyoqdan suv havzalari ham kichraytiriladi. O‘zini investor deya tanishtirgan kishilar bu harakatlarini daromad topish zarurati bilan oqlaydi. Mana shunday manfaatlar turganida kim ham tabiatni o‘ylardi?”, — deya savol qo‘yadi Atirgul opa.
Suv havzalari
Istirohat bog‘larining ahamiyatiga haqida gapirarkan, mutaxassis suv havzalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Istirohat bog‘laridagi suv havzalari qayta tiklansa va muntazam faoliyat ko‘rsatsa, ulardagi yashillik, daraxtlar ko‘paytirilsa, shahar ahli toza havo ilinjida birgina Botanika bog‘iga qatnayvermagan bo‘lardi.
“Suv havzasi o‘simliklar uchun sharoit, odamlar uchun esa namlik muhitidir. Istirohat bog‘larimizda nafaqat daraxtlar, balki suv havzalari ham qisqarib boryapti. Ilgari odamlar bolalarini cho‘milish uchun parklarga olib borardi. Hozir hatto Milliy bog‘ning cho‘milish havzasi ham avvalgidek katta emas. Istirohat bog‘larida suv havzalari bo‘lsa, bolalar borib u yerda cho‘milolsa, har tomonlama yaxshi. Negaki, jaziramada jon saqlash uchun cho‘milishga ehtiyoj bo‘ladi. Tog‘ga borib dam olish, pulli basseynlarga borish uchun esa hammada ham sharoit bo‘lmasligi mumkin”, — deydi u.
Daraxtlarga to‘la salqin bog‘ va xiyobonlar sonini ko‘paytirish, borlarini esa imkon qadar kengaytirish va yanada ko‘kalamzor qilish nafaqat shahar ekologiyasi va havosi sifatiga, balki uning aholisining ruhiy va jismoniy salomatligiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Bunday ijobiy ta’sirning esa, tabiiyki, beqiyos ijtimoiy va iqtisodiy samaralari ham bor. Shunday ekan, rasmiylar bu borada qat’iy siyosat olib borishlari, xususan, boshlangan ishlar (masalan, Istirohatdagi xiyobon-ko‘cha ta’miri)ni oxiriga yetkazishlari va aytilgan rejalar (xususan, Toshkent atrofida yashil belbog‘lar “qurish”)ni amalga oshirishga kirishishlari ayni muddaodir.