O‘zbekistonda vazirlarning raqamlashtirish va xususiylashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bo‘ladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prezident 17-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xususiylashtirish sohasidagi aniq vazifalar va ularni hal etish mexanizmlarini belgilab bergan.
“2025-yilda ham xususiylashtirish ishlarini jadallashtirish topshirildi. Buning barcha mexanizmlari, qanday amalga oshirish kerakligi bo‘yicha aniq vazifa va yechimlarni prezident belgilab berdi. Aytdilarki, 2025-yil barcha sohada xususiy sektorni jalb qilish yili bo‘ladi… Prezident raqamlashtirish va xususiylashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosar darajasidagi rahbarni tayinlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi”, — dedi Akmalxon Ortiqov.
Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda davlat korxonalari, vazirlik va idoralar oldiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, keraksiz obyektlarni sotish bo‘yicha vazifalar qo‘ygan.
“Katta-katta davlat korxonalarida transformatsiya jarayonini tezlashtirish va xalqaro bozorlarga chiqish, shuningdek, xarajatlarni qisqartirish va mehnat samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi”, — dedi u.
Davaktiv rahbari davlat korxonalarini xususiylashtirish va bo‘sh yerlarni auksion orqali sotish bo‘yicha 2025-yilga mo‘ljallangan yangi dasturni tayyorlash rejalashtirilganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 18 ta davlat korxonasi va banklari ulushini oladigan hamda o‘z ulushlarini IPO`ga joylashtiradigan Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Ular orasida Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports, IES, HET, Milliy elektr tarmoqlari, “Xududgazta’minot” va boshqalar bor.