2030-yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 200 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda, bu avvalgi prognozlardagidan yuqori ko‘rsatkich. Bu haqda 17-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov prezident bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

Bu vaqtga kelib aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 5000 dollarni tashkil qilishi kutilmoqda.

2022-yilda hukumat 2030-yilga kelib YAIMni 160 mlrd dollarga, aholi jon boshiga YAIMni esa 4000 dollarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi.

“Prezidentimiz 2030-yilga borib bemalol 200 mlrd dollarlik yalpi ichki mahsulotga, shuningdek, aholi jon boshiga 5 ming dollardan ortiq yalpi ichki mahsulotga erishish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini ta’kidladilar. Bu iqtisodiyotimiz nafaqat miqdor, balki sifat jihatidan ham rivojlanishini anglatadi. Asosiy e’tibor yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirishga qaratilmoqda”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Ta’kidlanishicha, 2024-yil oxirigacha O‘zbekiston iqtisodiyoti 111 mlrd dollargacha o‘sadi (iyul oyida ma’lumotlarni “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” hajmini hisobga olib qayta baholash natijasida nominal YAIM darajasi taxminan 10−12 foizga oshib, 101,6 mlrd dollarga yetgani ma’lum qilingandi).

Uning aytishicha, davlat budjetini shakllantirishda 2025-yil tejamkorlik va barqarorlik yili deb e’lon qilingan.

“Gap barcha resurslardan — mablag‘lar, davlat moliyasi, investitsiya va yerdan samarali foydalanish haqida bormoqda. Prezident budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizgacha tushirishni asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab berdi”, — dedi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda inflyatsiyani 7 foiz darajasida ushlab turish, 2026-yilda esa 5−6 foizgacha, 2027-yildan esa 5 foizgacha yoki undan pastroq darajagacha tushirish maqsad qilingan. Bu Markaziy bankning rejalaridan farq qiladi. Avvalroq regulyator 5 foizlik inflyatsion targetga erishish muddatini 2025-yilning ikkinchi yarmigacha kechiktirgandi.

Bundan tashqari, 2030-yilgacha mamlakatning suveren kredit reytingini joriy “BB-” (spekulyativ daraja) darajasidan investitsion darajagacha (BBB va undan yuqori) oshirish rejalashtirilmoqda.

adiz boboyev, ahadbek haydarov, davlat budjeti 2025, ilhom norkulov, o‘zbekiston yaim

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ham 2025-yilda tejamkorlik va barqarorlik davlat budjeti bo‘yicha asosiy vazifa bo‘lishini ta’kidladi. U budjet mablag‘larini sarflash samaradorligi har bir davlat organi rahbari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.

“Kelgusi yilda asosiy soliqlar, ya’ni QQS, yuridik shaxslardan daromadidan olinadigan foyda solig‘i va boshqa asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi. Bu tadbirkorlar va investorlar oldida iqtisodiyotimiz jozibadorligini ta’minlashda asos bo‘ladi”, — dedi u.

Davlat budjeti xarajatlarining 52 foizi ijtimoiy ehtiyojlarga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarga 46 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

adiz boboyev, ahadbek haydarov, davlat budjeti 2025, ilhom norkulov, o‘zbekiston yaim

Hisob palatasi raisi Adiz Boboyev o‘zining rahbarligidagi tashkilot budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tahlil qilishini ta’kidladi. Ijtimoiy xarajatlar fuqarolarga qay darajada yetib borayotgani, ularni qanoatlantirayotgani yoki yo‘qligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, Hisob palatasi jalb qilingan investitsiyalar samaradorligini, shuningdek, mahsulotlari tannarxini pasaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan tovarlar ulushini oshirish maqsadida yirik davlat kompaniyalari xarajatlari tarkibini tahlil qiladi.

YIM (yalpi ichki mahsulot) — bu mamlakatda bir yilda ishlab chiqarilgan barcha tovar va xizmatlarning umumiy qiymatidir. Ko‘rsatkich mamlakatning iqtisodiy faolligini baholash uchun ishlatiladi va uning iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri sanaladi. Yalpi ichki mahsulotning o‘sishi ko‘pincha iqtisodiy sharoitlarning yaxshilanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va fuqarolar daromadlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM — bu mamlakat umumiy YIMning aholi soniga nisbati sanaladi. Ko‘rsatkich mamlakat aholisining o‘rtacha farovonligini baholash uchun ishlatiladi.

YIM daromadlar tengsizligi, atrof-muhit holati yoki hayot sifati kabi muhim jihatlarni hisobga olmaydi. Aholi jon boshiga YIM — bu aholining turli qatlamlari o‘rtasidagi daromad darajasidagi farqlarni ko‘rinmay qolishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkich sanaladi. Masalan, jon boshiga nisbatan yuqori YIM yuqori darajadagi iqtisodiy tengsizlik bilan ham birgalikda mavjud bo‘lishi mumkin.