Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy The Financial Times`ga (FT) bergan intervyusida o‘z mamlakatini NATOga taklif qilishni Rossiya bilan urushni tugatishning yagona yo‘li deb atadi.
“Biz urushni tugatish uchun diplomatik sa’y-harakatlarimizni kuchaytiradigan taklifsiz juda kuchli bo‘la olmaymiz”, — dedi u FT`ga. “Bu urush Putin yakkalanib qolganda va boshqa sheriklar uni diplomatiya sari undagandagina tugaydi”.
“NATOga taklif xalqimiz va askarlarimiz ruhiyatini oshiradi, dedi Zelenskiy. — Taklif — NATO tomon yana bir qadam, bu esa ularning farzandlari o‘lmaydi, degani. Hech qachon, chunki biz NATO a’zosi bo‘lamiz. Agar NATOga taklif ololmasak, ruhiy holat tushadi”.
Zelenskiy Ukrainaning NATOga a’zoligi haqidagi bahsni Kiyevni Patriot raketa tizimlari yoki F-16 qiruvchi samolyotlari bilan ta’minlash muhokamasiga qiyosladi, o‘shanda G‘arbdagi ittifoqchilar avvaliga rad javobini berib, keyin rozi bo‘lgan.
NATOga taklif Zelenskiy shu hafta birinchi marta ommaga taqdim etgan Ukrainaning “g‘alaba rejasi”dagi besh banddan birinchisi. Uning qayd etishicha, bu qadam Yevropa integratsiyasi muqarrarligini va Ukrainada demokratiyaga muqobil yo‘qligini ham anglatadi.
““G‘alaba rejasi”ga munosabat Patriots, F-16 niki bilan bir xil… Lekin biz buni qilishimiz kerak. Bu omon qolishning yagona yo‘li”, — dedi Zelenskiy G‘arbning uning rejasiga bo‘lgan sokin munosabatini izohlar ekan. “Putin urushni tugatish kerakligini his qilmaguncha u tugamaydi. U esa faqat kuchni tushunadi”.
Ukraina rahbarining aytishicha, Kiyev NATOga a’zo bo‘lishi evaziga bosib olingan hududlarni Rossiyaga berishi haqidagi nazariy kelishuvni muhokama qilayotgan G‘arb rasmiylari bu haqda Ukraina rahbariyatiga “hech qachon aytmagan”. U ularga masalani “uchinchi tomon orqali” aytishni emas, balki “ochiq stolga qo‘yishni” taklif qildi. “Biz bilan gaplashing”, — deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti, shuningdek, boshqa davlatlarning tinchlik rejalari “haqiqiy” bo‘lsa va Kiyevning sa’y-harakatlariga putur yetkazmasa, ularga ochiq ekanini ta’kidladi. “Braziliya, rejangiz bormi? Ajoyib. Xitoydan kelgan taklif — qarshiligimiz yo‘q… Lekin yigitlar, iltimos, bizni ajratib qo‘ymanglar”, — dedi Zelenskiy.
- Ukraina Rossiyaning keng miqyosli bosqinidan keyin 2022-yilda NATO va YeIga a’zo bo‘lish uchun ariza bergandi. Vashingtonda o‘tkazilgan NATOning so‘nggi yubiley sammitida ishtirokchi davlatlar yakuniy deklaratsiyada Ukraina Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ortga qaytmas yo‘ldan borayotganini ta’kidladi, biroq Kiyev taklif olmadi. Xususan, Ukrainaning qo‘shilishiga qarshi bo‘lgan AQSh va Germaniya Rossiya bilan ziddiyat kuchayishidan xavfsiramoqda.