O‘zbekistonda avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd puldan voz kechib, to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tiladi. Транспорт vaziri Ilhom Mahkamov келаси yildan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilinmasligini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz nashri.
Vazir bu haqda 18-oktabr kuni Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” bo‘lib o‘tgan sessiya davomida jurnalistlarning savoliga javoban aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi.
“Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi. Ular o‘rnatilgach, tabiiyki konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yig‘ish ehtiyoji qolmaydi”, dedi vazir.
Shu bilan birga, vazirlik rahbari yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham qisqacha gapirdi.
“Bu tizimda jamoat transporti xizmatini ko‘rsatadigan operatorlarga pul to‘lovi yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib qo‘ygani uchun amalga oshiriladi”, dedi Ilhom Mahkamov.
Daryo`ning yozishicha, yaqin istiqbolda Transport vazirligi 1294 ta avtobus sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy e’tibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratiladi. 2030-yilgacha avtobuslar sonini 5 000 taga, elektrobuslar sonini 2 000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, jamoat transporti tizimlarini avtomatlashtirish, hududlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorati va monitoringini joriy etish hamda yirik shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘l bo‘laklarini yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Transport vaziri shuningdek, jamoat transportiga alternativ sifatida tramvay loyihasidan voz kechilmagani va uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotganini bildirdi, deya yozmoqda nashr.
“Transport loyihasi chetga surilmadi, bu loyiha, albatta, bugungi Toshkent shahrining rivojlanishida, yangi va eski Toshkent bog‘lanishiga loyihalashtirilyapti. Lekin bir narsani tushunishimiz kerak, hozir o‘zingiz aytyapsizlarki, chorrahalarni to‘g‘rilashda moliyaviy mablag‘lar ajratilishi-chi, deb. Biz birinchi navbatda pulni o‘ta dolzarb bo‘lgan infratuzilma loyihalariga ajratishimiz kerak va qadamma-qadam yirik loyihalarga o‘tishimiz kerak deb o‘ylayman. Biz albatta, tramvayni qo‘llash jihatdan texnik-iqtisodiy asoslarini, loyihalarini ishlab chiqyapmiz”, — dedi u.
Mahkamov tramvay liniyalari aynan qaysi hududlarda tushirilishi loyiha amalga oshirilishni boshlaganida e’lon qilinishini aytib o‘tdi.