Samarqand davlat chet tillar instituti hududidagi 400 o‘rinli yotoqxona qurilishi sifatsiz ishlar va qoidabuzarliklar sabab to‘xtatildi. Bu haqda Samarqand viloyati Hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi “Gazeta.uz”ga xabar berdi.
Mazkur bino DXSH asosida Samarqand davlat chet tillar instituti buyurtmachiligida qurilmoqda. Qurilish vazirligining qurilish nazorat inspeksiyasi xodimlari reyd tadbirlari o‘tkazganda yotoqxona qurilishida ishlar sifatsizligi bilan birga obyekt qurilishi inspeksiya ro‘yxatidan o‘tmagan holda o‘zboshimchalik bilan olib borilganini aniqlagan.
Reyd tadbirida ma’lum bo‘lishicha, devorlarga terilgan g‘ishtlarning vertikal choklari qorishma bilan to‘liq to‘ldirilmagan, monolit maydononining karkaz xomutlari loyiha bo‘yicha bajarilmasdan, masofa 60 sm oralig‘ida qilingan. Temir beton armaturalarining himoya qatlami mavjud emas. Rigel va serdechniklarda fiksatel qo‘yilmagani natijasida karkazlar betondan chiqib qolgan.
Kolonna va rigellar o‘z o‘qida bajarilmagan. Bundan tashqari, obyektda sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanilgan. Quyma beton zinalarda mayda yoriqlar bo‘lishiga qaramay, montaj ishlari bajarilgan. Texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayapti, deyiladi xabarda.
Shuningdek, qurilish maydoni belgilangan tartibda o‘ralmagani, obyekt qurilish chiqindilaridan tozalanmaganligi aniqlangan. Qoidabuzarliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Yuqoridagi holatlar yuzasidan inspeksiya xodimlari mas’ullarga ogohlantirish xatlarini berdi. Hozirda obyektda qurilish ishlari to‘xtatilgan.
Avvalroq qurilish nazorat inpeksiyasi xuddi shuncha o‘rinli Toshkent viloyatidagi Agrar davlat universiteti yotoqxonasi qurilishini kamchiliklar sabab to‘xtatgandi.