O‘zbekiston Axborot kodeksi loyihasi 2025-yil fevralida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu haqda Toshkentda bo‘layotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 19-oktabr kuni AOKA direktori Asadjon Xodjayev jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, YUNESKO hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ekspertlari bilan birgalikda Axborot kodeksi loyihasining uchinchi varianti ishlab chiqildi.
“Ularning takliflarini qo‘shgan holda, hozir kodeks loyihasining to‘rtinchi variantini yaratyapmiz. Shundan so‘ng uni bizning hamkor ekspertlarga jo‘natamiz va, albatta, to‘liq varianti jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Ushbu axborot kodeksi juda katta, uning bir qancha boblari bor va 8 ta qonunni o‘z ichiga olgan. Maxsus konferensiya doirasida va hududlarga chiqib, davra suhbatlari tashkil etish orqali spikerlar bilan birga kodeksni tanishtirib borishni rejalashtirganmiz”, — dedi u.
“Biz Axborot kodeksini hamma bilan kelishgan holda qabul qilishimiz kerak. Chunki bu har bir fuqaroga tegishli kodeks bo‘lib, unda axborot olish huquq va erkinlari kafolatlari, axborot izlash va unga ishlov berish, axborot tizimlariga kirish [kabi ko‘p normalar mavjud]. Biz muhokamalar mobaynida xalqimizning media savodxonligini ham oshiramiz. Kiritilgan normalarni tushuntirib borish kerak: bu norma nega kiritildi, u chet elda qanday ishlayapti va O‘zbekistonda qanday ishlaydi, bu normani biz qanday tushunyapmiz [singari savollarga javob berishimiz lozim]. [Kodeksni] shoshilib, bir-ikki oy ichida o‘zgartish kiritib, tezkorlik bilan qabul qilmaymiz. Albatta, OAV va jamoatchilik muhokamasidan keyin qabul qilamiz”, — dedi AOKA direktori.
U kodeks qachon qabul qilinishi haqidagi savolga javob berarkan, aniq bir sanani qayd etmadi. “Kodeks loyihasining to‘rtinchi variantini yangi yilgacha ekspertlar orasida muhokama qilamiz. [2025-yil] fevraldan boshlab, to mart, aprel oyigacha birgalikda ikki-uch oy davomida sizlar bilan (OAV vakillari nazarda tutilmoqda — tahr.) muhokama qilamiz. Jamoatchilik muhokamasidan keyin parlamentga kiritishni rejalashtiryapmiz”, — dedi Asadjon Xodjayev.
Loyiha mohiyati va mazmuni
Hujjat 50 ta manfaatdor vazirlik va idoradan kelishuvdan o‘tkazilgan bo‘lib, 5 ta moddadan tashkil topgan. Ushbu qonunga ilova tarzida 4 ta bo‘lim, 14 ta bob, 131 ta moddadan iborat bo‘lgan Axborot kodeksi tasdiqlanmoqda.
Kodeksda quyidagi 8 ta qonun o‘zaro unifikatsiya qilinishi orqali tizimlashtirilgan:
- “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun;
- “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun;
- “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonun;
- “Bolalarni ularni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun;
- “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun;
- “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun;
- “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonun;
- “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun.
Ta’kidlanishicha, qonunni shakllantirishda axborot qonunchiligi O‘zbekiston qonunchiligiga qisman yaqin hisoblangan MDH davlatlari tajribasi hamda MDH PA Axborot kodeksi model loyihasi o‘rganilgan.
Yangi kodeks nima beradi?
Mazkur kodeksning qabul qilinishi natijasida fuqarolik jamiyatining huquqiy asoslari takomillashadi, ya’ni axborot sohasining tarqoq holdagi, biroq mazmunan o‘xshash va tartibga solish qamrovi o‘zaro yaqin bo‘lgan 8 ta qonun bitta normativ-huquqiy hujjat shaklida bir kodeksga jamlanadi, ulardagi ayrim eskirgan va o‘z kuchini yo‘qotgan normalar chiqarib tashlanib, o‘rniga amaldagi qoidalar kiritiladi, deyiladi loyiha ilovasida.
Eslatib o‘tamiz, Axborot kodeksi loyihasi 2022-yilning dekabrida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgach faollarning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. Jumladan, Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova 45-moddani “xavfli” deb atagan. Nurbek Alimov esa “7-modda har qanday bloger yoki OAVni sindirib yuborishi mumkin”ligini ta’kidlagan.