Uzbekistan Airways 2024-yilning 15-noyabridan e’tiboran Toshkent-Lahor-Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini yo‘lga qo‘ymoqda, deb xabar qildi “Dunyo” AA.

Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekiston va Pokiston shaharlari o‘rtasida yangi yo‘nalishdagi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

“O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan pokistonliklar uchun viza rasmiylashtirish tartibining soddalashtirilgani hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilayotgani Pokiston jamiyati uchun quvonarli hodisa bo‘ldi. Mintaqalarimiz o‘rtasida qayta tiklanayotgan aloqalarga yangicha mazmun baxsh etadi. Ishbilarmonlar uchun vaqt eng qimmatbaho ne’mat va qayta tiklanmas resurs hisoblanadi. Biznes doira vakili sifatida ishonch bilan ayta olamanki, yo‘lga qo‘yilayotgan yangi aviamarshrut ikki mamlakat tadbirkorlarining o‘zaro safarlari davomida sarflanadigan vaqtini tejab, aloqalarni jadallashtiradi, yangi qo‘shma loyihalar uchun yo‘l ochadi”, — dedi O‘zbekistonning Pokistondagi faxriy konsuli Najib Vohra.