Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bir qator vazirliklarning boshqaruv xodimlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganini aniqladi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Energetika vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda 160 nafar boshqaruv xodimi 170 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan.
Jumladan:
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 72 nafar xodimi 79 ta;
- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 59 nafar xodimi 60 ta;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 22 nafar xodimi 23 ta;
- Energetika vazirligining 7 nafar xodimi 8 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha mazkur vazirliklarga agentlikning taqdimnomalari kiritildi, deyiladi xabarda.
Tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari hozirda bartaraf etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida agentlik Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklaridagi 398 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanganini aniqlagandi. Shuningdek, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida tadbirkorlik qilib kelgan yana 107 nafar boshqaruv xodimlariga ogohlantirish xatlari berilgan. Bundan tashqari, uchta bankning 148 nafar xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aniqlangandi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlari bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Shu bilan birga, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.