Kuba to‘rtinchi kundirki elektrsiz qolmoqda, ta’minotni tiklashga urinishlar yakshanba kuni yana barbod bo‘ldi, deya xabar beradi Reuters.

Kuba milliy elektr tarmog‘i ilk bor 18-oktabr kuni tushga yaqin, orolning eng yirik elektr stansiyasi ishdan chiqqach ishlamay qoldi. Oqibatda 10 millionga yaqin odam elektr energiyasiz qoldi.

O‘shandan beri IES faoliyati bir necha bor tiklandi, ammo u yana nosozlikka uchradi.

Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel televideniye orqali xalqqa qilgan murojaatida norozilikni “intizomli tarzda” ifoda etishga chaqirdi. “Biz hech kim vandalizm xatti-harakatlari sodir etishiga, ayniqsa, xalqimiz tinchligini buzishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi Dias-Kanel.

Kuba poytaxti Gavana 20-oktabr oqshomida butunlay qorong‘u tus oldi, deya ta’riflaydi Reuters agentligining joydagi muxbirlari. Kichik miqdordagi korxonalar, barlar va xususiy uylar dizel generatorlari bilan ishlab turdi. Shaharning turli nuqtalarida ko‘plab politsiya guruhlari borligi kuzatildi.

Gavana chekkasida jurnalistlar “kaserolaso” — Lotin Amerikasidagi namoyish ko‘rinishlaridan biri guvohi bo‘ldi, unda ishtirokchilar kostryulkalar va tovalarni urib tovush chiqardi. Oziq-ovqat, suv va elektr taqchilligidan g‘azablangan namoyishchilar San-Migel-de-Padron hududidagi yo‘llarni axlat uyumlari bilan to‘sib qydi.

Rasmiylar elektr quvvati dushanba yoki seshanba kunigacha qayta tiklanishiga va’da bergandi, biroq 20-oktabr kuni orolga kelib kuchli shamol va yomg‘irga sabab bo‘lgan “Oskar” to‘foni tufayli ish murakkablashdi.

Hukumat maktablardagi darslarni bekor qildi, bu Kuba uchun avval umuman yuz bermagan chora bo‘ldi, deya ta’kidlaydi Reuters. Rasmiylar, shuningdek, faqat muhim muassasalar xodimlarini ishga qaytishga chaqirdi.

“Uyali telefonimning quvvati tugadi, muzlatgichimga qarang. Mendagi ozgina narsa ham tamom bo‘ldi”, — dedi Reuters agentligiga uyida uch kundan beri elektr yo‘q bo‘lgan gavanalik Anabel Gonsales.

Kuba poytaxtining ayrim aholisi, shuningdek, chiroq o‘chgani sababli suv ta’minoti to‘xtab qolganidan shikoyat qildi.

Dam olish kunlarida butun mamlakat bo‘ylab internet-trafik keskin pasayib ketdi, chunki elektr energiyasining keng tarqalgan uzilishlari sabab orol aholisining aksariyati telefonlarini quvvatlay olmay qoldi.

Nima uchun IESda avariya yuz berdi?

Kubada bir necha o‘n yillar avval qurilgan issiqlik elektr stansiyalari eskirgan va ularga xizmat ko‘rsatish qiyin. Mamlakat o‘z qazilma yonilg‘isini juda kam ishlab chiqaradi va elektr energiyasini ishlab chiqarishni ta’minlash deyarli to‘liq importga bog‘liq.

Venesuela ichki iste’molni qoplash uchun joriy yilda Kubaga yoqilg‘i yetkazib berishni yarmigacha qisqartirdi. Rossiya va Meksika ham Kubaga eksportni qisqartirdi, bu esa naqd pul taqchilligidagi hukumatni spot bozorda ancha qimmatroq yoqilg‘i izlashga majbur qildi.

Kubada bir necha oydan beri ketma-ket — 10−20 soatlik — uzilishlar kuzatilmoqda, biroq o‘tgan juma kuni vaziyat keskinlashdi va yomon ob-havo sharoiti tufayli yonilg‘i tankerlarini dengiz orqali yetkazib berish kechiktirildi.

Muammoni uzoq muddatda hal qilish uchun hukumat qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishga, shuningdek, mamlakatda xom neft ishlab chiqarish hajmini oshirishga sarmoya kirita boshladi.