Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligiga sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun 5 yil muddatga 50 million dollar miqdorida foizsiz kredit beriladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun 2025-yil 1-yanvardan boshlab vazirlikka belgilangan miqdorda kredit mablag‘lari ajratilishini ta’minlaydi.

Qarorda ushbu kredit Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qaytarilishi belgilangan.

Vazirlik 2025-yil 1-sentabrga qadar loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq barcha axborot xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda “katta ma’lumotlar” bazasini yaratadi.

Shu bilan birga, 2026-yil 1-mayga qadar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan hisoblash quvvatlarini ishga tushiradi.