Shavkat Mirziyoyev 21-oktabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasiga doir yig‘ilishda Toshkent shahridagi drenaj tizimini tanqid qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlat rahbari drenaj tizimi ishiga qat’iy e’tiroz bildirdi va yaqinda yuz bergan kuchli yomg‘ir “haqiqiy ahvolni ko‘rsatganini” qayd etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda suv bosgan ko‘chalar tasviri tarqalgandi (1, 2, 3, 4).
Uning ta’kidlashicha, drenajni to‘g‘rilashning o‘zi yetarli emas, suvni havzalarda to‘plash tizimini yaratish va daraxtlarni sug‘orishga ishlatish maqsadga muvofiq.
Poytaxtdagi tuman hokimlari joyiga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarni tepasida turib o‘zi hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shahar hokimligiga yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Prezident, bundan tashqari, poytaxtda daraxtlarning kasallanishi ham ko‘payganini qayd etdi.
Toshkentda yog‘ingarchilik muntazam ravishda toshqinga olib keladi. Shahar hokimiyati ko‘p yillardan beri drenaj tizimini ta’mirlash haqida gapirib kelmoqda. 2014-yil may oyidagi kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng 2015-yil fevral oyida hukumat qarori bilan Toshkent shahrida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda yerosti va yerusti suv oqimlarining barqaror ishlashini ta’minlash konsepsiyasi tasdiqlangan edi.
2019-yil aprel oyida ko‘chalarni navbatdagi suv bosganidan so‘ng Toshkent hokimligi drenaj tizimini kapital ta’mirlash uchun salkam 60 million dollar zarurligini ma’lum qilgandi.
Shavkat Mirziyoyev 2023-yil aprel oyi boshidagi yomg‘irdan so‘ng Qurilish vazirligi va hokimlikka ikki hafta muddatda muammoni hal etish bo‘yicha dastur qabul qilib, uni amalga oshirishga kirishishni topshirgandi.
O‘shanda Toshkent shahar hokimligining yangi rahbari Shavkat Umurzoqov so‘zga chiqib, uy-joy qurish jarayonida drenaj tarmoqlarining 20−30 foizi fuqarolar tomonidan to‘sib qo‘yilganini aytgan. U, shuningdek, hamma joy “asfalt bo‘lib yotgani, suv shimilmaganini” ta’kidlagandi.
2021-yildan boshlab Toshkent shahar hokimligi Raqamli rivojlanish boshqarmasi tomonidan ham muammo o‘rganilib, irrigatsiya va drenaj tizimi obyektlari poytaxtning elektron xaritasiga kiritilgan. O‘tgan yili “Gazeta.uz” bu tizim o‘z ichiga nimalarni olishi haqida yozgandi.