2024-yil sentabrida O‘zbekistonning yirik korxonalarida gaz qazib olish hajmi 3,55 mlrd kub metrgacha kamaydi. Bu prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” tanishib chiqqan sanoat ishlab chiqarishi to‘g‘risidagi hisobotidan kelib chiqadi.
Ko‘rsatkich 2023-yil sentabr oyiga (3,77 mlrd) nisbatan 5,8 foizga (220,5 mln kub metrga), 2022-yil sentabr oyiga (4,2 mlrd) nisbatan 15,4 foizga kam hisoblanadi.
Yanvar-sentabr oylarida qazib olish hajmi 33,5 mlrd kub metrga yetdi, bu 2023-yilning mos davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,68 mlrd kub metrga kam sanaladi.
Gaz qazib olish hajmining kamayishi bir necha yillardan buyon davom etib kelmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektr energiyasining 70−80 foizi gaz yoqish hisobiga ishlab chiqariladi.
Statistika agentligi elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni yirik va kichik korxonalar kesimida e’lon qilishni boshladi. Yilning dastlabki to‘qqiz oyida jami ishlab chiqarish 4,3 foizga o‘sdi — 57,8 mlrddan 60,3 mlrd kVt/soatgacha.
Aksariyati gaz (shuningdek, ko‘mir)da ishlaydigan yirik energiya ta’minoti korxonalarida va va gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi sentabr oyida 4,69 mlrd kVt/soatgacha, ya’ni 2023-yilning sentabr oyiga (5,18 mlrd) nisbatan 486,8 mln kVt/soatga (-9,4 foizga) kamaygan.
Yanvar-sentabr oylarida ishlab chiqarish hajmi 53,3 mlrd kVt/soatgacha kamaygan, bu 2023-yilning mos davridagidan 6,3 foizga yoki 3,6 mlrd kVt/soatga kam hisoblanadi.
Yo‘qotishlar quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi hisobiga qoplanmoqda (ularning ishlab chiqarishdagi ulushi 11,5 foizgacha o‘sdi) — 6,97 mlrd kVt/soat.
Oylik neft qazib olish hajmi 57,1 ming tonnagacha (-11,1 foiz yoki 2023-yil mos davriga nisbatan 7100 tonna kamroq) kamaydi. Bu 56,5 ming tonna neft qazib olingan 2022-yil fevralidan buyon minimal ko‘rsatkich hisoblanadi.
To‘qqiz oyda mahsulot hajmi 542,2 ming tonnagacha kamaygan (2023-yilning mos davriga nisbatan -7,2 foiz yoki 42,3 ming tonnaga kam).
Sentabr oyida 99,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2023-yil sentabr oyiga (113,8 ming) nisbatan 11,1 foizga yoki 14,6 ming tonnaga kam. To‘qqiz oylik taqqoslash bo‘yicha ham pasayish boshlandi — 995,2 ming tonna (-1 foiz).
O‘tgan oyda dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 76,2 ming tonnadan 72 ming tonnagacha qisqardi (o‘tgan yilning sentabriga nisbatan -5,5 foiz yoki 4200 tonnaga kamroq). Biroq, 2023-yilning yanvar-sentabr oylari bilan solishtirganda (yilning mos davriga nisbatan) 0,2 foizlik o‘sish saqlanib qolmoqda — 777,8 ming tonna.
Ko‘mir qazib olish bo‘yicha oylik hajm rekordlarni yangilashda davom etmoqda — 954,9 ming tonna (+269,3 ming tonna), bu o‘tgan yilning sentabr oyidagi hajmdan 39,3 foizga ko‘proq. Yil boshidan buyon ishlab chiqarish hajmi 19,4 foizga oshib, 5,3 mln tonnani tashkil etdi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmini 62 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan (lekin so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich pasayib bormoqda). Agar Ustyurt hududidagi geologiya-qidiruv ishlari kutilgan natija bermasa, 2030-yilga borib gaz importi hajmi 10−11 mlrd kub metrga yetadi, degandi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.