AQShda yashagan turkiyalik sobiq imom Fathulloh Gulen 83 yoshida vafot etdi. Bu haqda Gulenga aloqador manbalarga tayanib, Reuters xabar berdi.

U yakshanba kuni kechqurun AQShdagi o‘zi davolanayotgan kasalxonada vafot etdi. Umrining so‘nggi yillarini AQShda o‘tkazgan Fathulloh Gulen Turkiyada va undan tashqarida ta’sirga ega “Xizmat” jamoatchilik harakatini asoschisi hisoblanadi.

Turkiya rasmiylari uni 2016-yilgi prezident Rajab Toyyib Erdog‘anga qarshi davlat to‘ntarishiga urinish tashkilotchisi sifatida ayblab kelgan. Lekin Gulenning o‘zi bunga aloqadorligini rad etib kelgan.

1959-yilda Gulen Turkiya shimoli-g‘arbidagi Edirne shahridagi masjidga imom etib tayinlangan. 60-yillarda talabalar yotoqxonalari qurilishlariga yetakchilik qilgan va va’z qilish uchun Izmir viloyatidagi choyxonalarga borib, mashhur bo‘la boshlagan.

Ushbu talabalar uylari keyingi o‘n yilliklarda ta’lim, biznes, ommaviy axborot vositalari va davlat idoralariga yoyilgan norasmiy tarmoqqa asos bo‘lgan hamda o‘z tarafdorlarining kuchli ta’sirga ega bo‘lishiga zamin yaratgan.

Bu ta’sir keyinchalik harakatning maktablar tarmog‘i orqali Turkiyadan tashqari Markaziy Osiyo, Bolqon, Afrika va G‘arbga ham tarqalgan.

Erdog‘anning sobiq ittifoqchisi

Gulen o‘z vaqtida Erdog‘an hamda uning Taraqqiyot va rivojlanish partiyasi (“AKP”) bilan yaqin ittifoqchi bo‘lgan. Biroq taxminan 2013-yildan boshlab gulenchilar va Erdog‘an o‘rtasidagi zaif ittifoq parchalana boshladi. Hukumatning ko‘plab a’zolarini qamrab olgan korrupsiya mojarosi boshlandi. Erdog‘anga yaqin vazirlar, shuningdek, uning o‘g‘illari — Bilol va Burakni turli jinoyatlarda ayblaganlar orasida gulenchi prokurorlar ham bor edi. Shundan so‘ng ularning munosabatlaridagi keskinlik kuchayib ketdi.

Bu paytga kelib gulenchilik Turkiyada ko‘pchilikka, xususan, hukumat vakillariga “Fathullohning terror tashkiloti” — qisqacha FETO — nomi bilan tanilib ulgurgandi. Gulen 2014-yil dekabrida “qurollangan terrorchi guruh”ga rahbarlik qilishda rasman ayblangan, uni hibsga olishga order berilgandi. U hukumatni ag‘darishga uringanlikda gumonlangandi. Erdog‘an esa Gulen boshchiligidagi “parallel davlat” haqida gapirgandi.

2016-yilgi davlat to‘ntarishiga urinishdan ko‘p o‘tmay, Erdo‘g‘on Gulen tarmog‘ini xoinlar va “saraton” deb atagan hamda ular qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar yo‘q qilishga va’da bergandi. O‘shanda u bilan bog‘liq yuzlab maktablar, kompaniyalar, ommaviy axborot vositalari va uyushmalar yopildi, mulklari musodara qilingandi. Muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng kamida 77 ming kishi hibsga olingan va 150 ming davlat xizmatchisi, jumladan, o‘qituvchilar, sudyalar va askarlar favqulodda holat ostida ishdan olingan.

Mazkur voqealardan keyin Anqara AQShdan Gulenning ekstraditsiyasini talab qilib kelgan. U AQShga dastlab davolanish uchun borgani, biroq Turkiyada unga nisbatan jinoiy tergov boshlangani sababli o‘sha yerda qolgani aytiladi.