Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston rekord darajadagi 1,28 milliard AQSh dollariga gaz import qildi, bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan tashqi savdo hisobotida aytiladi.

Bu 2023-yilning to‘qqiz oyiga nisbatan 3,6 baravar (pul ko‘rinishida) ko‘p, o‘shanda yetkazib berish 487,9 million dollarni tashkil qilgan. Bu, shuningdek, 2023-yildagi jami gaz importidan 1,8 marta (694,9 million dollar) ko‘p.

Yanvarda “ko‘k yoqilg‘i” importi 35,6 million dollarni, fevralda — 3,7 baravar ko‘proq yoki 131,1 million dollarni, martda — 193,5 million dollarni, aprelda — 102,6 million dollarni, mayda — 180,4 million dollarni, iyunda — 166,3 million dollarni, iyulda — 174,2 million dollarni, avgustda esa — 168,3 million dollarni tashkil qilgan. Statistika agentligi yetkazib berishning fizik hajmini oshkor etmaydi.

Sentabrda 126,3 million dollarlik gaz import qilindi, bu apreldan beri eng kam ko‘rsatkich (102,6 million dollar).

O‘zbekiston, shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq gaz eksport qila boshladi. Yetkazib berish hajmi 479,5 million dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga (411,7 million dollar) nisbatan 16,5 foizga ko‘p. Yanvarda bu ko‘rsatkich 21 million dollarni, fevralda — 5,7 million dollarni, martda — 18,7 million dollarni, aprelda — 6,9 million dollarni, mayda — 7,6 million dollarni, iyunda — 181,5 million dollarni, iyulda — 81,7 million dollarni, avgustda esa — 81,7 million dollarni ko‘rsatdi.

Sentabrda eksport 74,7 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yil sentabridagi ko‘rsatkichdan (33,8 million dollar) 2,2 barobar ko‘p. O‘zbekiston gazni asosan Xitoyga, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistonga yetkazib bermoqda.

XXR Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga koʻra, yil boshidan buyon o‘zbek gazining importi salkam 499 million dollarni tashkil etmoqda, bu 2023-yilning to‘qqiz oylik ko‘rsatkichidan (427,9 million dollar) 16,6 foizga ko‘p. Yanvarda Xitoy O‘zbekistondan 38,8 million dollar, fevralda — 18,6 million, aprelda — 11,4 million, mayda — 85 million, iyunda — 81,1 million, iyulda — 69,2 million, avgustda — 97,37 million dollarga gaz import qilgan. Bunda ham fizik hajmlar oshkor etilmagan.

Sentabrda o‘zbek gazi importi 97,44 million dollarni tashkil etdi, bu 2023-yil sentabriga (44,9 million dollar) nisbatan qariyb 2,2 barobar ko‘p. Bu 148,5 million dollarlik gaz yetkazib berilgan 2022-yil oktabridan beri eng yuqori oylik hajm hisoblanadi.

To‘qqiz oyda gaz qazib olish hajmi 33,5 milliard kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,68 milliard kub metrga kam. Xususan, ishlab chiqarishning qisqarishi fonida propanning birja narxlari apreldan buyon ikki barobar oshdi.

2023-yil oktabr oyidan boshlab O‘zbekiston Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali gazni revers rejimda import qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, Rossiyadan gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini modernizatsiya qilish uchun 500 million dollar sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Loyiha mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash, iste’moldagi mavsumiy notekisliklarni qoplash va ushbu yoqilg‘ini yetkazib berishning kafolatlangan manbalarini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha gaz hajmlarini ta’minlashda muhim deb topildi.

2030-yilga qadar O‘zbekistonda gaz qazib olishni 62 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilgan (lekin so‘nggi yillarda u pasaymoqda). Agar Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlari kutilgan natijani bermasa, import ko‘rsatilgan yilga kelib 10−11 milliard kub metrga yetadi, dedi energetika vaziri.