O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” ishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam” ko‘rsatilmoqda. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov Toshkentda o‘tayotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 21-oktabrdagi tadbirlardan so‘ng jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Vazir “Dok-1 Maks” ishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan bolalarning ro‘yxati vazirlikda borligi, tashkilot ulardan “xabar olayotgani, kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatayotgani”ni ta’kidlarkan bu ish bo‘yicha surishtiruv va tergov hali tugamaganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
— “Dok-1 Maks” voqeasi sabab nogiron bo‘lib qolgan bolalardan xabar olyapsizmi? [Sizda] ular haqida ma’lumot bormi?
— Xabar olyapmiz, ularning asorati borlariga kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatyapmiz. Bu ish bo‘yicha hali surishtiruv va tergov jarayonlari davom etyapti.
— ["Gazeta.uz”ga intervyu bergan] vasiylar aytyaptiki, nogiron bo‘lib qolgan bolalarni O‘zbekistonda davolash juda qimmatga tushadi. Bolalarni davlat hisobidan bepul davolab, oyoqqa turg‘azish [rejasi] bormi?
— Vazir vazifasini bajaruvchi sifatida aytamanki, ba’zi bir kasalliklarning asoratlari bo‘ladi — bular nogironlikka olib kelganidan keyin organik yoki fizologik buzilishlar yuz beradi. Agar fiziologik buzilish bo‘lsa, uni to‘g‘rilash mumkin. Organik buzilish bo‘lsa, uni faqat asorati bilan kurashishimiz kerak.
— [Jabrlanuvchilarga kompensatsiya masalasida] sud qarori chiqdi. Shundan so‘ng [Sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanuvchilarga] qanday yordam ko‘rsatyapti?— Ularga yordam berilyapti, hammasining alohida ro‘yxati bor.
— Lekin ota-onalar tomonidan “Gazeta.uz”ga e’tirozli murojaatlar kelyapti…
— O‘sha e’tiroz bildirgan ota-onalarning e’tirozlari nusxalarini bizga [Sog‘liqni saqlash vazirligiga] taqdim etsangiz, ko‘rib chiqishimiz mumkin.
— Demak ota-onalar bilan aloqangiz yo‘q ekan-da?
— Ular bilan aloqa bor. Tushunmovchilik bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
— Ammo ularning deyarli barchasi e’tiroz bildiryapti.
— Fakt [bormi]?
— Bor, bu bo‘yicha “Gazeta.uz”da material ham chiqdi.
— Menga [o‘sha maqolani] shaxsan bering.
“Dok-1 Maks” ishi bilan bog‘liq jarayon haqida
O‘zbekistonda 2022-yil oxirida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan bolalarning zaharlanishi kuzatilgan va buning oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 68 nafar bola vafot etgani va kamida 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgan.
Ushbu holat bo‘yicha 2023-yil avgustida boshlangan va yarim yil davom etgan sud jarayoni yakunida dori iste’molidan vafot etgan 68 nafar marhum va sog‘lig‘i o‘ta og‘irlashgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillariga 1 milliard so‘mdan, ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillariga 500 mln so‘mdan, sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillariga 200 mln so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.
Keyinchalik, 2024-yil aprelida boshlangan apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish jarayonida sudlanuvchilardan biri, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev uchun uning onasi Munira Kariyeva 75,6 mlrd so‘m miqdoridagi ma’naviy zararni qoplab berish taklifi bilan chiqdi va apellyatsiya sudining yakuniy qarori chiqquniga qadar 2,5 mlrd so‘mni sud depozitiga o‘tkazdi.
Yakunda sud, xususan, ushbu 2,5 mlrd so‘mni jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga taqsimlash to‘g‘risida qaror chiqardi (apellyatsiya yakunida birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilib, Sardor Kariyev foydasiga qaror chiqmagani uchun, uning vakillari tomonidan taklif qilingan summaning qolgan qismi ham o‘tkazilmagan).
Farzandi doridan nogiron bo‘lib qolgan bir guruh jabrlanuvchilar “Gazeta.uz”ga murojaat qilib, Kariyevning vakillari tomonidan to‘langan 2,5 milliard so‘m avgust oyida jabrlanuvchilarga mos ravishda taqsimlab berilganini, ammo qolgan summaning to‘lab berilishi mavhum qolayotganini ma’lum qildi. Ular farzandlarining keyingi davolanishi uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari undirilmay qolib ketishidan xavotirda.