O‘zbekistonda ish haftasi oxirigacha turli darajadagi yomg‘irli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet matbuot xizmati xabar berdi.

21-oktabr kuni quyoshli va juda iliq haroratlar bilan o‘tadi, faqat shimoliy hududlarga nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Buning natijasida kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kechga borib Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Kunduzi havo harorati +24…+27 darajani, shimolda +12…+17 darajani tashkil etadi.

22-oktabr, seshanba kuni respublika hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi, shamol ba’zi joylarda 15−18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat +15…+20 darajagacha pasayadi.

Chorshanba va payshanba kunlari faqat respublikaning janubiy va sharqiy hududlarida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

O‘zbekiston bo‘yicha eng jadal yomg‘irlar 25-oktabr kuni prognoz qilinmoqda, deyiladi xabarda.

Havo harorati 23-oktabrda kechasi +8…+13, kunduzi +10…+15, 24-oktabrda kechasi +5…+10, kunduzi +12…+17, 25-oktabrda kechasi +5…+10, kunduzi +14…+19 daraja bo‘ladi.

22-oktabrdan 25-oktabrgacha respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. 23−25-oktabrda ayrim hududlarda ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.

Poytaxtda 22-oktabr kechga tomon vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +11…+13, kunduzi +17…+19 daraja bo‘ladi.

23−24-oktabrda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat 23-oktabrda kechasi +11…+13, kunduzi +3…+15 daraja, 24-oktabrda kechasi +8…+10, kunduzi +15…+17 daraja bo‘ladi.