“Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Rossiyaga O‘zbekistondan keladiganlar uchun viza rejimi joriy etish taklifini ilgari surdi. Deputat bu haqida Xʼdagi sahifasida yozib qoldirdi.
“O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi safiga qo‘shilmaslikka chaqirdi. Nega farzandli bo‘lganda beriladigan suyunchi pulini olmaslikka chaqirishmadi? Boshqa imtiyozlardan foydalanmaslikka-chi? Bu mumkin ekan! Ammo seni boqayotgan mamlakatni himoya qilish mumkin emas ekan. Viza rejimi joriy etish kerak! Boshqa iloji yo‘q! Bunday „fuqarolar“ bizga kerak emas”, — deb yozgan deputat.
O‘z navbatida, O‘zbekiston jamoatchiligi bunga munosabat bildirdi. Faollar bunday signallar tahdid ekanini aytib, bu Rossiya siyosatchilari O‘zbekistonni o‘zlariga qaram davlat sifatida ko‘rishini anglatishini yozgan.
Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov o‘zbeklar haqqini odam o‘ldirib emas, balki barakali mehnati yordamida topishini aytgan. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak, deydi deputat.
“Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov ham holat yuzasidan munosabat bildirib, konsullik fuqarolarni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishini tabiiy va adolatli, deb atadi. U bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi.
“Birinchidan, biz vatandoshlarimiz boshqa davlatning urushlariga jalb qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Konsulligimiz fuqarolarimizni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishi tabiiy va adolatli. Ikkinchidan, Vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo‘shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir”, — deb yozadi Bekmurodov o‘z Telegram kanalida.
Holatga ekologiya vaziri maslahatchisi, bloger Rasul Kusherbayev ham o‘z nuqtayi nazarini bildirgan. Jamoatchilik faoli siyosatchining bu gaplari Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan aloqalarni buzish uchun bahona qidirayotganini ko‘rsatmoqda, deb yozgan.
“Shu o‘rinda janob Mironovga savol: agar O‘zbekiston o‘z hududida ishlayotgan rus fuqarolarini O‘zbekiston manfaati uchun qayergadir urushga jo‘natganida Rossiya diplomatik vakolatxonalari indamay turisharmidi?”, — deya savol bergan Kusherbayev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi xorijiy davlat armiyasiga yollanadigan O‘zbekiston fuqarolari istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatgandi. Diplomatik idora vatandoshlarni da’vatlarga berilmaslik va ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan.