Moldova Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovi bo‘yicha protokollarning 98 foizdan ortig‘ini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, amaldagi prezident Mayya Sandu 42,09 foiz, uning asosiy raqibi bo‘lgan Sotsialististlar partiyasi vakili Aleksandr Stoyanoglo esa 26,26 foiz ovoz oldi.
Moldova qonunchiligiga ko‘ra, agar nomzodlarning hech biri saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini ololmasa, ikkinchi tur o‘tkaziladi, unda esa birinchi turda eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod ishtirok etadi, deya aniqlik kiritgan Moldpress agentligi. Ikkinchi tur 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Moldovada prezidentlik saylovlari bilan bir vaqtda mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyasini konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yish bo‘yicha referendum ham bo‘lib o‘tdi. Byulletenlarning 98,65 foizi hisoblab chiqilgandan keyingi natijaga ko‘ra, saylovchilarning 50,17 foizi mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni yoqlab ovoz bergan, 49,82 foizi esa qarshi chiqqan.
Davomat 50 foizdan yuqori bo‘lgan saylov va referendumda mamlakatning 1,5 milliondan ortiq fuqarosi ovoz berdi.
Mayya Sandu saylovlar va referendumning dastlabki natijalariga izoh berar ekan, Moldova “demokratiyaga qarshi misli ko‘rilmagan hujum”ga duch kelganini aytdi. U “jinoiy guruhlar”ni “dushman xorijiy kuchlar” bilan hamkorlikda pul va tashviqotdan foydalanib ovoz berish jarayonlariga ta’sir o‘tkazishda aybladi.
“Bizda jinoiy guruh 300 mingta ovozni sotib olmoqchi bo‘lganiga oid dalil va ma’lumotlar bor. Bu demokratiyaga putur yetkazish maqsad qilgan misli ko‘rilmagan darajadagi firibgarlik”, — dedi Sandu.
- Mayya Sandu 2020-yildan buyon Moldova prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U mamlakat tarixida bu lavozimni egallagan birinchi ayol hisoblanadi. U “Harakat va birdamlik” partiyasining asoschisi va sobiq rahbari sanaladi. Sandu Yevrointegratsiya tarafdori bo‘lib, Moldova uning rahbarligida 2022-yil fevral oyi oxirida Yevropa Ittifoqiga kirish uchun ariza topshirgan. Iyun oyida YeI mamlakatning ittifoqqa a’zo bo‘lishi bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlagandi.
- Aleksandr Stoyanoglo 2009−2014-yillarda Moldova parlamenti deputati bo‘lgan, 2019−2021-yillarda esa mamlakat bosh prokurori lavozimida ishlagan.