Raqobat qo‘mitasi 2024-yilning o‘tgan davrida iste’molchilardan umumiy ovqatlanish korxonalaridagi (restoran, kafe, oshxona va bufet) kamchiliklar bo‘yicha 250 ga yaqin murojaatlarni qabul qilgan. Qo‘mita matbuot xizmati murojaatlarga asosan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan birgalikda respublikadagi 700 ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida o‘rganish o‘tkazganini ma’lum qildi.

Keltirilishcha, iste’molchilar sanitariya-gigiyena talablari buzilishi, narxlarni oshirib qo‘llash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotgani yuzasidan shikoyat qilmoqda.

Olib borilgan o‘rganishlarda, umumiy ovqatlanish subyektlari iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etmagan. Taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari ko‘rsatilmagan, yo‘l bo‘yida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlangan, shuningdek, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashda muammolar kuzatilgan.

Shuningdek, o‘rganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:

  • 524 tasida — (75%) taomnoma davlat tilida emas;
  • 480 tasida — (69%) ish rejimi ko‘rsatilmagan;
  • 449 tasida — (65%) narxnomalar mavjud emas;
  • 429 tasida — (62%) avtoturargohlar mavjud emas;
  • 519 tasida — (74,6%) favqulodda vaziyatlari uchun chiqish yo‘laklari mavjud emasligi aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasi yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda ma’lumotlar kiritdi.

Qo‘mita umumiy ovqatlanish korxonasida qoida va talablar buzilishiga oid muammolar uchrasa, Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch (1159) raqamiga murojaat qilishni so‘ramoqda.