Sirdaryo viloyati Guliston shahri va Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda “Hududgazta'minot” matbuot xizmati.
Birinchi holatda tashkilotning Namangan filiali xodimlari va hamkor tashkilotlar ishtirokida reyd o‘tkazilgan va unda Uchqo‘rg‘on tumani Qurama mahallasida joylashgan tadbirkor B.O.ga qarashli issiqxona o‘rganilgan. Aniqlanishicha, iste’molchi gaz hisoblagichdan tashqari 20 mm polietilen quvur orqali gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan. Qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilib, 3,22 milliard so‘mlik tabiiy gaz hajmi hisoblangan.
Bundan tashqari, Gulistondagi nazorat tadbirida “M. G.” MCHJdagi gaz hisoblagichiga o‘rnatilgan bir martalik tamg‘a uzilgani ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan belgilangan tartibda dalolatnoma tuzilib, 223,3 million so‘mlik tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilingan.
Har ikki holat bo‘yicha barcha hujjat va daliliy ashyolar tegishli tashkilotlarga taqdim etildi.