Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna chiqindi hosil bo‘ladi, biroq bu hajmning atigi 4−5 foizi qayta ishlanadi. Bundan tashqari, chiqindi maydonlarida hosil bo‘lgan 7 million tonnadan ortiq issiqxona gazlari atmosferaga chiqib, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.

chiqindi yoqish zavo, ekologiya, gazni qayta ishlash, shavkat mirziyoyev

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan xorijiy investorlar bilan hamkorlikda qator loyihalar ishlab chiqildi. Qariyb 1 milliard 300 million dollarlik investitsiyalarni jalb etgan holda, 8 ta chiqindi yoqish zavodi qurish hamda Ohangaron poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan.

Masalan, Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasining 350 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalari hisobiga Andijon va Toshkent viloyatlarida ikkita zavod qurish rejalashtirilgan. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Xitoyning yana bir kompaniyasi — Shanghai SUS Environment to‘g‘ridan-to‘g‘ri 310 million dollar sarmoya kiritib, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ikkita zavod qurishni rejalashtirmoqda. Ularda kuniga 3 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 480 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

BAAning Tadweer Group kompaniyasining 200 million dollari hisobidan Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun bittadan zavod qurish rejalashtirilgan. Kuniga 1500 tonna chiqindilarni qayta ishlash va yiliga 363 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

Chiqindi yoqish zavodlari sanoat va qattiq maishiy chiqindilarni qozonlarda yoki pechlarda termal parchalanish orqali qayta ishlash texnologiyasidan foydalanadi. Shu bilan birga, yonish issiqligidan foydalanib, issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Janubiy Koreyaning Sejin kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha Toshkent viloyatining Oxangaron tumanidagi maishiy chiqindilar poligonida hosil bo‘ladigan gazdan muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 55 million dollar jalb etishni nazarda tutadi. Uning quvvati 16 MVt bo‘lishi kutilmoqda.

“Umuman, loyihalar natijasida qattiq maishiy chiqindilardan oqilona foydalanish ta’minlanadi. Yiliga 4,7 million tonnadan ortiq chiqindi yoqilib, 2 milliard 100 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 97 million AQSh dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 million tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 ming 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi”, — deyiladi xabarda.

Loyihalarni 2025−2027-yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari loyihalarning ijtimoiy ahamiyatini alohida ta’kidladi.

“Bular shunchaki zavod emas, hayot-mamotimizni hal qiladigan masalalardan biri. Yer-suvlarimizning yaroqliligi ham, aholi salomatligi ham, havo tozaligiyu energetika barqarorligi ham shu sohaga bog‘liq. Chiqindilar to‘g‘ri to‘planib, ko‘proq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat toza bo‘ladi, jamiyat o‘zgaradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mazkur loyihalarni namunali qilish, hududlarda ularning sonini ko‘paytirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Qayd etilishicha, qurilish materiallari va organik o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi yangi korxonalarni chiqindilarni qayta ishlash korxonalari yaqinida joylashtirish maqsadga muvofiq — bu tadbirkorga ham, investorga ham foydali bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev barcha hududlarda bunday loyihalarni ko‘paytirish va mutanosib rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Prezidentning 26-sentabrdagi farmoni bilan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Unda chiqindilarni yig‘ish, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash, yoqish, utizilatsiya qilish va yo‘q qilishning zamonaviy usullari joriy etiladi.

Bu sohada sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hisobiga ekologik vaziyat barqarorlashadi, sanitar holat yaxshilanadi, aholiga xavfli kasalliklar yuqishi kamayadi. Chiqindilar qayta ishlanib, muqobil energiya, xomashyo va organik o‘g‘it olinadi. Mavjud chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etiladi.