O‘zbekistonning joriy hafta ob-havosini Kaspiy dengizi ustidan mintaqaga kirib kelishi kutilayotgan g‘arbiy nam havo oqimlari belgilaydi. Mazkur nam havo oqimining kelib chiqishi Atlantika okeaniga bog‘liq bo‘lib, u yerda yuzaga kelgan “Kirk” sikloni Yevropa orqali Rossiyaning shimoli-g‘arbiy qismlariga ta’sir qilishi kerak edi. Ammo, u o‘z yo‘nalishi o‘zgartirib, shu o‘rinda “quvvati”ni ham kamaytirib, Qora dengiz orqali Kaspiy dengizi ustidan va bizning mintaqaga g‘arbiy nam havo oqimlari ko‘rinishida kirib keladigan bo‘ldi.
Bu havo oqimi respublikaning ko‘plab hududlariga haftaning ish kunlarida vaqti-vaqti bilan yog‘inlar ulashadi. Ammo, yog‘inlarning umumiy miqdori o‘tgan safargi g‘arbiy nam havo oqimidagi kabi ko‘p bo‘lmaydi. Shuningdek, mazkur nam havo oqimi sovuq harorat fonida mintaqani kuchli sovitmaydi ham.
“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 22-oktabr kuni Surxondaryo va vodiy viloyatlaridan tashqari boshqa viloyatlar, 23-oktabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Boshqa kunlari respublika bo‘ylab 25-oktabrga qadar vaqti-vaqti bilan turli xil miqdorda yog‘ingarchiliklar kutiladi. 25-oktabr kuni respublikaning katta qismida yaxshigina yog‘ingarchilik bo‘lishi prognoz qilingan. Tog‘larda esa 23 va 25-oktabr kunlari kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Yog‘inlar joylarda asosan suyuq holda, ya’ni yomg‘ir ko‘rinishida, faqat tog‘ va respublika shimolida qor ko‘rinishida yog‘ib o‘tishi mumkin. Hafta davomida respublika hududlari asosan nam havo oqimi ta’sirida bo‘lgani uchun harorat rejimida to‘satdan haroratning keskin pasayib ketishi kuzatilmaydi. Aksincha, tungi va kunduzgi havo harorati o‘rtasida farqlar juda kam bo‘ladi. Ya’ni, aholi hafta davomida kunduz kunlari haroratning keskin ko‘tarilib, tunda esa, aksincha, sezilarli pasayib ketishiga deyarli guvohi bo‘lmaydi.
Shunga qaramay, hafta davomida Surxondaryoda havo harorati kunduz kunlari +17… +22 daraja, boshqa viloyatlarda — hafta boshidan o‘rtasiga qadar pasayib borish tamoyili bilan — shimolda +10 darajadan, vodiy viloyatlari va Qashqadaryoda +22 darajagacha o‘zgarib turadi. Tog‘larda esa hafta davomida kunduz kunlari +6…+11 daraja iliq bo‘ladi.
Respublika bo‘ylab asosiy sezilarli salqinlik 24−25-oktabr kunlariga to‘g‘ri keladi. Tunda faqat shimolda va baland tog‘larda havo harorati +0…+5 daraja, Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda tog‘li hududlarda +4…+9 daraja, boshqa hududlarda esa +8…+13 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Dam olish kunlari esa havo harorati biroz ko‘tariladi. Ammo bu havo isib ketadi, degani emas — kutilayotgan harorat muhitida hatto janubiy viloyatlarda ham havo harorati kunduzi nari borsa +17…+22 darajagacha iliq bo‘lishi mumkin.
Oddiy qilib aytganda, joriy haftaning boshi hamda dam olish kunlarida salqin, hafta o‘rtalarida esa sovuq ob-havo muhiti kutiladi. Bu haftada ketma-ket bulutli kunlarga guvohi bo‘lish mumkin, vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik ham bo‘ladi. Jahon iqlim modellariga ko‘ra, 20−27-oktabr oralig‘ida Orol dengizi akvatoriyasi, Hisor tog‘ tizmalarida yaxshigina yog‘inlar, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyati hamda vodiy viloyatlarida ham ijobiy yog‘inlar kuzatilishi mumkin. Ammo, bu o‘tgan safarda (14−16-oktabr kunlarida)gi kabi yog‘in anomaliyalarini keltirib chiqarmaydi.
Nam havo oqimlari kirib kelishi kutilayotgan 22 va 25-oktabr kunlari cho‘llarda va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar kuzatilishi mumkin. Shamollar tezligi u qadar yuqori xavf-xatar keltirib chiqaruvchi kuchga ega bo‘lmaydi — shamol tezligi ko‘pi bilan soniyasga 20 metrga yetishi prognoz qilinmoqda.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Hafta davomida respublika aholisi siklonal omil va serotonin gormon yetishmasligi bilan bog‘liq quyoshsiz kuz havosi ta’siriga tushadi. Siklonal ta’sirlar, masalan, yomg‘ir yog‘ishidan oldin oyoq-qo‘li og‘rib qoladigan kishilar siklon ob-havo muhitini inson organizmiga ta’sirini kamaytirishda avvalgi materialdagi tavsiyalarga amal qilishlari kerak.
22 va 25-oktabr kunlari qon bosimi bilan og‘rigan bemorlar atmosfera bosimining keskin o‘zgarishlari ta’sirlariga tushishi mumkin. Ammo bu safargi “barik tubsizlik” atamasi bilan tushuntiraladigan atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi omili inson ichki qon bosimi o‘zgarishlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatish kuchiga ega emas. Shunday bo‘lishiga qaramay, qayd etilgan sanalarda qon bosimi bor kishilar o‘zlarini ortiqcha urintirmasliklari tavsiya etiladi.
Haftaning ish kunlari kishilarda asosan bulutli kunlarning ko‘payishi fonida serotonin gormon yetishmasligi ro‘y berishi mumkin. Bu aholining ko‘pchiligida kundalik ish faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi inobatga olinsa, serotonin yetishmasligi haqida to‘liqroq ma’lumot berib borish maqsadga muvofiqdir.
Serotonin yetishmasligi — tanada muhim neyrohujayralarni balansda ushlaydigan serotonin darajasining pasayishi yoki yetishmasligidan kelib chiqadigan holatdir. Serotonin miya faoliyatida muhim rol o‘ynaydi hamda kayfiyat, uyqu, ishtaha, hissiyotlar kabi jarayonlarni boshqarishga yordam beradi. Serotonin yetishmasligi odatda quyidagi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi: depressiya, tashvish, uyqusizlik, ishtaha o‘zgarishi, tez charchash, umumiy lanjlik, kognitiv funksiya buzilishi (e’tibor qaratish qobiliyati pasayishi).
Tavsiyalar. Serotonin gormoni yetishmasligi oldini olish uchun ovqatlanish ratsioniga tuxum, yong‘oq, go‘sht mahsulotlari va losos balig‘i qo‘shish kerak. Muntazam jismoniy mashqlar ham serotoninni oshiradi. Eng asosiy tavsiya — oftob bulutlar orasidan “mo‘ralagan” vaqtlarda imkon qadar uning taftidan bahra olishga intilish kerak. Shuningdek, shifokor maslahati bilan serotoninni ko‘paytiruvchi vitaminlar ichish ham maqsadga muvofiqdir.
Bioiqlimiy sharoitlar
Joriy hafta kuzning xazonrezgi mavsumi uchun xos kiyimlarni kiyib yurish tavsiya etiladi. Hafta boshi va so‘nggida respublikaning aksariyat qismida yashovchi aholi kunduzi qalin kiyim kiyib yurishga ko‘p ham ehtiyoj sezmasa-da, hafta o‘rtalarida qalinroq kiyinib olishga to‘g‘ri keladi. Hafta davomida tungi va tonggi muddatlarda qalin kiyimlarni kiyish, har ehtimolga qarshi soyabon olib yurish, suv o‘tkazmaydigan poyabzal kiyish tavsiya etiladi. Umuman, hafta davomida janubiy viloyatlardan boshqa biror joyda kunduzgi vaqtda ham yengil kiyinib yurishga imkon beradigan ob-havo muhiti kuzatilmaydi.
Kuzgi sayr-sayohatlarni xush ko‘ruvchilar uchun joriy hafta ayni muddao — tog‘ etaklari va yirik shaharlarda daraxtlar kuzgi oltin ranglarga burkanib, bulutli manzara bilan birga ko‘pchilikka estetik zavq ulashadi.
Kosmik ta’sirlar
Qozog‘istondagi Ionasfera institutining joriy hafta ish kunlari uchun taqdim etgan geomagnit bo‘roni prognoziga ko‘ra, aholi hafta davomida kuchli geomagnit bo‘ronlaridan bezovtalanmaydi. Faqat 22-oktabr kuni geomagnit bo‘roni qo‘zg‘alishining “o‘rtacha”, ya’ni kishilarda uning ta’siridan biroz bezovtalanish bilan bog‘liq 3−4 ballik geomagnit bo‘roni bo‘lishi prognoz qilingan.
Bu kabi prognozlarning o‘zini oqlash darajasi ancha pastligicha qolmoqda. Quyosh o‘zining har 11 yillikdagi eng faol chaqnashlari davrida turibdi hamda Quyoshda to‘satdan X va M sinfli chaqnashlar soni kuzatilishi bilan uning koronal massasini Quyosh shamollari orqali sayyoramiz yuqori atmosferasiga 2−3 sutkada yetib kelishiga va sayyorada “kuchli”, “juda kuchli” va hattoki “ekstremal” geomagnit bo‘ronalarini keltirib chiqarishi mumkin. Hozirda magnit bo‘ronlarini 2 kundan ortiq sana uchun ishonchli prognoz qiladigan yechimlar mavjud emas.
Tavsiyalar. Magnit bo‘roniga ta’sirchan aholi qatlami bo‘ron vaqti jismoniy zo‘riqishlardan qochishi, ko‘proq dam olishi, ortiqcha ovqatlanmasligi, spirtli ichimliklar ichishdan tiyilishi maqsadga muvofiq. Shifokorlar bunday paytda ko‘proq suv iste’mol qilishni ham tavsiya etadi.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Hafta davomida kuzatiladigan bulutli va nam ob-havo sharoiti yirik shaharlar, xususan, poytaxtda havoni ifloslantiruvchi moddalarning keng tarqalishi uchun qulay hisoblanmaydi. Faqat hafta boshlanishida va juma kuni nam havo oqimlari kiribi kelishidan oldin havo ifloslanishi darajasi ortishi mumkin. Lekin bu vaqtincha ifloslanish bo‘lib, uning ortidan kutilajak yog‘inlar havodagi changni tezda bosadi.
Cho‘llar va janubiy viloyatlarda esa haftaning seshanba va juma kunlari frontoldi shamollari chang to‘zonlarni keltirib chiqarishi va havoda aynan chang omili hisobiga kuchli ifloslanish yuz berishi mumkin. Bunday paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, joriy haftaning haftaning ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlari dushanba va shanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlariga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini ancha yengil his qiladi.