Toshkent hayvonot bog‘i tashkil etilganiga 2024-yilning 24-oktabr kuni 100 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan 19−20-oktabr kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida “Tarix obyektivida” nomli fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Shahar hayvonot bog‘i 1924-yili O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) zoologlari tashabbus bilan sobiq Turkiston general-gubernatorining shahar tashqarisidagi dala-hovlisidagi hayvonot burchagi negizida tashkil etilgan. 1940-yillar oxiriga kelib, hozirgi Ekopark o‘rnida bo‘lgan ushbu hayvonot bog‘ida 200 dan ortiq hayvon turlari jamlanadi.
1994−1997-yillarda esa Toshkent Botanika bog‘ining bir qismida yangi Hayvonot bog‘i quriladi va u 1997-yil 1-sentabrda ochiladi. Ilk tashkil etilgan vaqti — 100 yil avval 4 gektardan ham kichikroq bo‘lgan zoopark bugun 21,5 gektar maydonni egallagan hamda 336 tur va 8 mingdan ortiq jonzotni o‘z bag‘rida saqlab kelmoqda.
Fotosuratlar uyida Toshkent hayvonot bog‘ining turli fotograflar tomonidan olingan 100 dan ortiq suratlari qo‘yilgan. Ekspozitsiyaning birinchi qismida zooparkning qurilishi tarixi, unda yashagan jonivorlar va ishlagan xodimlarning oq-qora suratlari jamlangan bo‘lsa, ikkinchi qismida fotorassom Aleksandr Judro tomonidan olingan zamonaviy fotolar qo‘yilgan.
Bugun Toshkent hayvonot bog‘ida 14 turga mansub 31-maymunni uchratish mumkin. Ular orasida Sezar laqabli 6,5 yoshli orangutan alohida e’tiborga molik. U 2019-yili kontrabandachilar tomonidan boshqa davlatga noqonuniy o‘tkazilayotgan paytda ushlab qolinib, vaqtincha saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan edi. Shundan beri Sezar Toshkent zooparkining erkatoylaridan biri.
Bog‘da mushuksimonlarning xilma-xillarini, kichik va kattalarini uchratish mumkni. Ular orasida Jonni va Naomi laqabli 4 yoshli oq sherlar alohida ajralib turadi. O‘z sevgi tarixiga ega ikki noyob sherning Janubiy Afrikadagi pitomniklardan olib kelingani ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Bog‘da oq sherlardan tashqari oq yo‘lbarslar ham bor. Bir oiladek bo‘lib qolgan Fufunya va Budur laqabli bu yo‘lbarslar ham Janubiy Afrikadan olib kelingan. Umuman, Toshkent hayvonot bog‘ida to‘rtta yo‘lbars bor.
Shuningdek, Toshkent hayvonot bog‘i ikki xil turga mansub jami 6 ta ayiqni ham o‘z bag‘rida parvarish qilmoqda. Suratda odamlardek o‘yga tolib o‘tirgan Slava laqabli Himolay ayig‘i 2014-yili Xabarovsk (Rossiya) hayvonot bog‘ida tug‘ilgan. O‘sha yil noyabrida esa Toshkentga olib kelingan.
Toshkent hayvonot bog‘ining yana bir arzandasi, aniqrog‘i, malikalaridan biri — Putri laqabli 23 yoshli fil. U 2004-yili Malayziyadan olib kelingan. O‘sha vaqtlarda uning o‘z shahzodasi — Putra laqabli erkak fil ham bo‘lgan, ammo u 10 yil avval miokard infarkti sabab nobud bo‘lgan.
Fotosuratchi Marvarida Isroilova Toshkent hayvonot bog‘ining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Tarix obyektivida” ko‘rgazmasida bo‘lib, undan “Gazeta.uz” uchun lavhalar tayyorladi.