Toshkent shahri Chilonzor tumanida haydovchi Lacetti`da ikki piyodani urib yubordi. Bu haqda poytaxt YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat 22-oktabr kuni soat 06:20 larda Bunyodkor shoh ko‘chasida sodir bo‘lgan. Mashina piyodalarni urib yuborib, daraxt bilan to‘qnashgan.
Haydovchi yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida mashina parchalanib, dvigatel uchib ketgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchi va piyodalar olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.
YHXB boshlig‘i Muhammad Odilovning ta’kidlashicha, piyodalar bu yo‘lni tez-tez belgilanmagan qismdan kesib o‘tishadi. Mutasaddi 10−15 metr uzoqlikda yerosti o‘tish yo‘li borligini eslatgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.