Shavkat Mirziyoyev BRIKS sammitida ishtirok etish uchun 23−24-oktabr kunlari Qozon shahrida amaliy tashrif bilan bo‘ladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston rahbari Rossiya tomoni raisligida o‘tadigan “BRIKS plyus” formatidagi yalpi sessiyada so‘zga chiqadi.

“Uchrashuv kun tartibidan inklyuziv va barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, global siyosatning dolzarb jihatlari muhokama qilinadi”, — deyiladi bayonotda.

Prezident qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishni ham rejalashtirmoqda.

BRIKS assotsiatsiyasi 2006-yilda tashkil etilgan. Hozirda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, BAA, Eron, Misr va Efiopiya uning a’zolari hisoblanadi.