Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida gaz portlashi oqibatida er-xotin va ularning o‘g‘li hamda qizi vafot etgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Hodisa 22-oktabr kuni soat 6:30 lar atrofida tuman markazidagi Mustaqillik mahallasida, ikki qavatli uyning 2-qavatidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Portlashga xonadonda gaz to‘planib qolishi va xonadon egasi buni bilmagan holda chiroqni yoqishi sabab bo‘lgan.

Qo‘shnilardan biri tongda kuchli portlash ovozini eshitganini, tashqariga chiqib, kuchli yong‘in bo‘layotganini ko‘rganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hech qanday yordam berishning imkoni bo‘lmagan.

BP matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 259 (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.