21-oktabr kuni prezident tomonidan bolalarga nisbatan oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilgan qonun [O‘RQ-978-son] imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 16-iyul kuni qabul qilingan. Senat tomonidan 20-sentabrda ma’qullangan.

Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik to‘g‘risidagi 126−1-moddasi bolaga nisbatan oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirildi.

Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsada, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.