2024-yil boshidan buyon 888 kilogramm giyohvandlik vositalari O‘zbekistonga olib kirilishining oldi olindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida 406 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar, 59 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari hamda 34 ta qurol, 1187 ta o‘q-dorilar ushlab qolingan.
Shuningdek, xavflarni boshqarish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida 757 milliard so‘mlik tovarlarning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi. Chegaralarda 356 milliard so‘mlik noqonuniy tovarlar daliliy ashyo sifatida olindi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash borasida 10 mingdan ortiq tadbirkorlarga 38 trillion so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi. 5 trillion so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
O‘tgan 9 oy davomida rasmiylashtirilgan 754 mingta bojxona yuk deklaratsiyalarining 15 foizi inson omilisiz avtomatik ravishda rasmiylashtirildi, eksportda bu ko‘rsatkich 41 foizga yetdi, deyiladi qo‘mita xabarida.