Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov Toshkentda o‘tayotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 21-oktabrdagi tadbirlardan so‘ng jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda “Dok-1 Maks” ishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam” ko‘rsatilayotganini aytgandi.
Farzandi 2022-yil dekabr oyida “Dok-1 Maks”dan zaharlangan va 65 kun komada yotgan 5 yoshli Alibek O‘ktamovning otasi Feruz Nuritdinovning “Daryo.uz”ga aytishicha, vazir jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot bergan.
“O‘sha vazir ham, uning xodimlari ham, hatto davlatning birorta shifoxonasi shifokorlari ham biror marta o‘g‘limning holidan xabar olmagan-ku. Qanday qilib ko‘mak berayotgan ekan? Hatto uyimning eshigi qaysi tomonga ochilishini bilmay turib, biz nogiron bo‘lib qolgan bolalarni davolayapmiz, ko‘mak beryapmiz deyishga uyalmadimi? O‘sha vazirdan so‘rang-chi, dorimas, birorta shprits berganmikan? Vazir bunday yolg‘on gapirib tursa, undan pastdagilardan nima kutaylik?”, — deydi Feruz Nuritdinov.
Uning aytishicha, vazirning bu gapidan so‘ng ko‘pchilik ota-onalar vazir bilan ko‘rishish niyatida yuribdi.
Jabrlanuvchining aytishicha, u farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar sotilgan uyi va yaqinlaridan olingan qarzlari evaziga to‘plangan katta miqdordagi mablag‘ini sarflab bo‘lgan. Shunga qaramasdan, uning farzandi gapirolmaydigan, yurolmaydigan nogironga aylangan.
“Dok-1 Maks” ishi bilan bog‘liq jarayon haqida
O‘zbekistonda 2022-yil oxirida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan bolalarning zaharlanishi kuzatilgan va buning oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 68 nafar bola vafot etgan va kamida 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgan.
Ushbu holat bo‘yicha 2023-yil avgustida boshlangan va yarim yil davom etgan sud jarayoni yakunida dori iste’molidan vafot etgan 68 nafar marhum va sog‘lig‘i o‘ta og‘irlashgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillariga 1 milliard so‘mdan, ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillariga 500 mln so‘mdan, sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillariga 200 mln so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.
Keyinchalik, 2024-yil aprelida boshlangan apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish jarayonida sudlanuvchilardan biri, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev uchun uning onasi Munira Kariyeva 75,6 mlrd so‘m miqdoridagi ma’naviy zararni qoplab berish taklifi bilan chiqdi va apellyatsiya sudining yakuniy qarori chiqquniga qadar 2,5 mlrd so‘mni sud depozitiga o‘tkazdi.
Yakunda sud, xususan, ushbu 2,5 mlrd so‘mni jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga taqsimlash to‘g‘risida qaror chiqardi (apellyatsiya yakunida birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilib, Sardor Kariyev foydasiga qaror chiqmagani uchun, uning vakillari tomonidan taklif qilingan summaning qolgan qismi ham o‘tkazilmagan).
Farzandi doridan nogiron bo‘lib qolgan bir guruh jabrlanuvchilar “Gazeta.uz”ga murojaat qilib, Kariyevning vakillari tomonidan to‘langan 2,5 milliard so‘m avgust oyida jabrlanuvchilarga mos ravishda taqsimlab berilganini, ammo qolgan summaning to‘lab berilishi mavhum qolayotganini ma’lum qildi. Ular farzandlarining keyingi davolanishi uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari undirilmay qolib ketishidan xavotirda.