Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida xonadonda gaz portlashi oqibatida er-xotin va ularning o‘g‘li va qizi vafot etdi, deya xabar berdi Kun.uz.
Hodisa 22-oktabr kuni soat 6:30 lar atrofida tuman markazidagi Mustaqillik mahallasida, ikki qavatli uyning 2-qavatidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlashga xonadonda gaz to‘planib qolishi va xonadon egasi buni bilmagan holda chiroqni yoqishi sabab bo‘lgan.
Portlash oqibatida R.S., M.S. hamda ularning farzandlari F.X. va D.X. voqea joyida vafot etgan.
Qo‘shnilardan biri tongda kuchli portlash ovozini eshitganini, tashqariga chiqib, kuchli yong‘in bo‘layotganini ko‘rganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hech qanday yordam berishning imkoni bo‘lmagan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.