Toshkentdagi mehmonxonada 20-oktabr kuni uch kishi, shu jumladan, ikki Rossiya fuqarosi o‘lik holda topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Seshanba kuni “Baza” Telegram kanali “Karaman palas” mehmonxonasida “Profil” jurnalida ishlovchi va “Lenta.ru”da shtatdan tashqari muxbir bo‘lgan rossiyalik Inessa Papernaya (1977-yilda tug‘ilgan) va uning do‘sti (1979-yilda tug‘ilgan) vafot etgani haqida xabar berdi. O‘zbekiston bosh prokuraturasi ma’lumotni tasdiqladi.

Bundan tashqari, idora ma’lum qilishicha, mehmonxonaning boshqa xonasidagi hammomda O‘zbekiston fuqarosi (1976-yilda tug‘ilgan) o‘lik holda topilgan.

Dastlabki sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, uch kishining o‘limiga noma’lum etiologiyali zaharlanish sabab bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Baza” xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar hovuz tozalangandan keyin ventilyatsiya tizimiga kirgan gazdan zaharlangan bo‘lishi mumkin.