Shavkat Mirziyoyev raisligida 21-oktabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev va Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitovga oktabr-noyabr oylarida 40 million tup ko‘chat ekishning yangi tizimini joriy etish vazifasini topshirdi.

daraxt ekish, mahalla yettiligi, yashil makon

Xususan, “mahalla yettiligi” har bir mahallada 30 tadan kambag‘al oila xonadoniga 20 tupdan, 20 ming yakka yolg‘iz keksalar xonadoniga 10 tupdan mevali daraxtlar tarqatadi. Shuningdek, yettilik o‘ziga biriktirilgan ko‘chalarda jami 6 million dona manzarali daraxt ekishni tashkillashtirishi muhimligi qayd etildi (“yettilik”ning har bir a’zosiga 100 tupdan ko‘chat to‘g‘ri keladi).

Bu jarayonga 140 mingdan ortiq uyboshi va ko‘chaboshilar ham jalb etilib, ular ko‘chalar, uylar va ko‘p qavatli binolar atrofiga 3 million dona mevali va manzarali daraxt ekilishini ta’minlaydi.

O‘rmon xo‘jaligi agentligiga barcha mahallalarda yarmarkalar tashkil etib, 30 million tup ko‘chat yetkazib berish vazifasi yuklatildi. 20 mingdan ziyod ta’lim muassasasi va shifoxona hududida 2,5 million tup, yoshlarga ajratilgan 60 ming gektar yerda 1,5 million tup (10 tadan) daraxt ekish mumkinligi ta’kidlandi. Hokimliklar va vazirliklar tomonidan kuzda 40 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.

Prezident, shuningdek, televideniye, radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlar orqali mahalla oqsoqollari va faollari, jamoat arboblari, san’atkorlar va sportchilar ishtirokida ko‘chat ekish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini tashkil etishni topshirdi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga 13 ta xalqaro avtomobil yo‘llarida amalga oshirib, 9 million tup ko‘chat ekish topshirildi. Buning uchun yana 2 ming kilometr avtomobil yo‘llari yoqasi daraxt ekish uchun 10 ming nafar fuqaro va tadbirkorlarga bo‘lib beriladi. Toshkent-Samarqand va Samarqand-Qarshi temir yo‘l liniyalari bo‘ylab ham ko‘chatlar ekiladi. Dala chetlarida 21 million tup terak, tut va uzum ekiladi.

Mudofaa vazirligi 200 ming tup, ichki ishlar, milliy gvardiya va favqulodda vaziyatlar tizimlarining har biri 100 ming tupdan ko‘chat ekishga mas’ul bo‘ladi. Chiqindi poligonlari atrofida “yashil belbog‘” barpo etiladi.

Prezident mamlakat iqlimiga mos ko‘chatlarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, Fanlar akademiyasi, ekologiya xizmatlari, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi tashkilotlari, karantin tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy ta’lim muassasalari, in vitro laboratoriyalari bilan samarali hamkorlik qilib, urug‘lik va ko‘chat yetishtirishdan 2−3 barobar ko‘p daromad olish mumkinligi aytildi.

Nukus, Arnasoy, Qorako‘l, Muborakda keyingi yilda suvsizlik va sho‘rga chidamli galofit o‘simliklaridan iborat 4 ta bog‘ barpo qilinadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmdagi 250 ming gektar cho‘lda suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urug‘lari dronlar yordamida ekiladi.

Bahorda o‘rmon xo‘jaliklarida sog‘lom ona plantatsiyalarni tanlash orqali yiliga 1500 tonna urug‘ tayyorlash, Janubiy Koreya tajribasi asosida qurg‘oqchilikka chidamli, iqlim sharoitiga moslashgan o‘simliklardan yopiq ildiz tizimi va in vitro usulida 2 million dona ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Farg‘ona vodiysidagi Mahmud Mirzayev nomidagi institut yerlarida yiliga 10 million tup mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish rejalashtirilgan.