O‘zbekistonda jurnalistning qonuniy faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi, u yaqin orada parlamentga kiritiladi. Bu haqda Toshkentda bo‘layotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 19-oktabr kuni AOKA direktori Asadjon Xodjayev OAV vakillariga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Tegishli qonunchilikka o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorladik hamda vazirlik va idoralarga kelishish uchun jo‘natdik. [Loyihada] jurnalist faoliyatiga noqonuniy aralashuv bo‘yicha javobgarlik belgilanyapti. Mana shu javobgarlikni kim aniqlay oladi, kim ma’muriy bayonnomalar tuzadi, dastlabki tergov masalalari va surishtiruv ishlarini qaysi organga beramiz, xolislikni ta’minlash maqsadida buni prokuratura organlari qilishi kerakmi, ichki ishlarmi yoki boshqa organlarmi? Hozir biz bergan taklifga ko‘ra, bu vakolatlarni o‘zimizga (AOKA nazarda tutilmoqda — tahr.) olmoqchimiz. O‘ylaymizki, agar agentlik ekspertlar bilan birgalikda mana shu qonun loyihasida belgilangan vazifalarni amalga oshirsa, bu ham xolislikni, ham shaffoflikni ta’minlaydi”, — dedi AOKA direktori.

Xodjayevga ko‘ra, qonun loyihasi bo‘yicha turli vazirlik va idoralar o‘z taklifini bildirgan. “Biz ularning barchasiga tegishli javoblarimizni tayyorlab, aylantirdik. [Qonun loyihasi] keyingi parlamentga, albatta, kiritiladi, bu uzoq vaqtga cho‘zilmaydi. Eng muhimi, bizda siyosiy qaror qabul qilingan”, — dedi u.

AOKA direktori o‘rinbosari Dilshod Saidjonovning “Gazeta.uz” muxbiriga aytishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jurnalist faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura 2021-yilda jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan edi.

Kodeks loyihasining 184-moddasida jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ya’ni, uni biror bir axborotni tarqatishga yoki tarqatmaslikka majburlash maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, jurnalistga yoxud uning yaqin qarindoshiga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgandi.

Mazkur harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘rsatilgandi. Ammo ushbu modda va tartib ushbu qonundan joy olgani yo‘q.

2022−2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida ham ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, shu jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlik yanada kuchaytirilishi belgilangan edi. Lekin bu borada ham haligacha biror yangilik amalga oshirilmadi.