O‘zbekistonlik 19 yoshli yunon-rum kurashchisi Alisher G‘aniyev Tirana (Albaniya) shahrida 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston tarixiga kirdi.
U O‘zbekiston tarixida kurashning har ikki turi (erkin va yunon-rum) bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lganlar toifasidagi birinchi jahon chempioni bo‘ldi. Ilgari O‘zbekiston yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida birorta ham medal sohibiga ega emasdi.
-60 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Alisher G‘aniyev iyul oyida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medal ololmagach, katta kuch bilan ishga kirishdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. U hatto buni “alamli mag‘lubiyat” deb ham atagan. Ammo bu vaqtda u atigi uch oy ichida O‘zbekiston tarixiga kirishini bilmasdi, deb yozmoqda Xalqaro kurash federatsiyasi (UWW).
“O‘tgan yili U20 o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallagandim. Bu mag‘lubiyat menga katta turtki berdi. Bu mening jahon chempionatidagi birinchi medalim. Bu yil o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida mag‘lub bo‘ldim. Bu alamli mag‘lubiyat edi. O‘ylaymanki, aynan shu yo‘qotishlar mening ushbu jahon chempionatiga tayyorlanishimga katta ta’sir ko‘rsatdi”, — dedi o‘zbekistonlik sportchi.
Dushanba kuni G‘aniyev barcha bahslarida texnik ustunlik evaziga g‘alaba qozongan bo‘lsa, seshanba kuni finalda neytral bayroq ostida qatnashayotgan rossiyalik Dinislom Bammatovni 8:4 hisobida mag‘lub etdi.
“Final juda qiyin bo‘ldi. Lekin to‘g‘ri reja va texnika orzumga erishishimga yordam berdi”, — dedi u.
Birinchi bo‘limda G‘aniyev Bammatovni ko‘tarib, to‘rt ochkoga ega bo‘ldi. Shuningdek, hakamlar Bammatov tomonidan qoidabuzarlikni qayd etishdi va bu G‘aniyevga hisobdagi farqni 9:0 ga yetkazish imkonini berdi. Ammo apellyatsiyadan so‘ng hech qanday qoidabuzarlik bo‘lmagani aniqlanib, ochkolar qayta ko‘rib chiqildi va hisob 7:0 ga o‘zgartirildi.
Biroq ikkinchi davrada vaziyatni o‘nglash uchun rossiyalik sportchida imkon deyarli qolmadi. U to‘rt ochkoni qo‘lga kiritganiga qaramay, final natijasini o‘zgartirolmadi (video).
“Bu oson ko‘rinishi mumkin, lekin aslida juda qiyin edi. Biz har bir raqib uchun taktika tayyorladik va shuning uchun hammasi yaxshi o‘tdi”, — dedi G‘aniyev.