Argentina hukumati soliq byurosi — Davlat daromadlari bo‘yicha federal idora (AFIP) tugatilib, uning o‘rniga “soddalashtirilgan” Daromadlar va bojxona nazorati agentligi (ARCA) tashkil etilishini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Buenos Aires Times.

Prezident Xaver Miley idorasi AFIP’ni yopish “argentinaliklarning iqtisodiy va tijoriy erkinligiga to‘sqinlik qilayotgan keraksiz byurokratiyani yo‘q qilish uchun zarur” deb tushuntirdi.

“Har bir argentinalikka tegishli bo‘lgan narsa faqat unga tegishli, boshqa hech kimga emas. Hech bir hukumat byurokratiga argentinalikka o‘z mulki bilan nima qilish kerakligini aytish huquqi berilmasligi kerak”, — dedi Argentina prezidenti matbuot kotibi Manuel Adorni matbuot anjumanida.

3000 dan ortiq AFIP xodimlari avvalgi hukumat tomonidan “noqonuniy yollangan” sifatida ishdan bo‘shatiladi. Bu yiliga 6,4 milliard peso (taxminan 6,5 million dollar) tejash imkonini beradi.

Yangi ARCA agentligi “oddiyroq, samaraliroq, arzonroq va kamroq byurokratik tuzilma bilan” ishlaydi, deyiladi prezident devoni xabarida.

  • Xaver Miley Argentina prezidenti lavozimini 2023-yil dekabrida boshlagan. Saylov kampaniyasi davomida libertarian siyosatchi, boshqa narsalar qatori, Markaziy bankni yopish va pesodan voz kechishga va’da bergandi.