Ijtimoiy himoya milliy agentligida 22-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda para yengil atletika bo‘yicha paralimpiya chempioni Asila Mirzayorova agentlikning nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakili sifatida tanishtirildi. Bu haqda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Instagram`dagi sahifasida xabar berdi.
“Agentligimiz oilasiga yana bir paralimpiya chempioni qizimiz kelib qo‘shildi. Biz Asila bilan Parijda birga ishlashni niyat qilgan edik. Bugun shu niyatimiz amalga oshdi: Asila Mirzayorova agentlik maxsus vakili bo‘ldi. Agentlik oilasiga xush kelibsiz, Asila!” — deya ta’kidladi u.
“Asila Nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Endi bizning jamoamizda Diyora va Asila kabi chempion qizlarimiz bor. Men ishonaman: biz yanada kuchli bo‘ldik va yangi yuksak marralarni birgalikda zabt etamiz!” — dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
Tadbirda so‘zga chiqqan paralimpiyada chempioni bildirilayotgan yuksak ishonch uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, agentlik maxsus vakili bo‘lishga rozi bo‘lganining sababini izohladi.
“Men uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil sifatida ish boshlash katta sharaf va mas’uliyat. Bu vazifa menga nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlarini himoya qilish va teng imkoniyatlar yaratishga o‘z hissamni qo‘shish imkoniyatini beradi. Paralimpiya sportchisi sifatida men jismoniy va ijtimoiy to‘siqlarni qanday yengishni bilaman va har bir inson jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishi kerak, deb ishonaman”, — deydi Mirzayorova.
Ta’kidlanishicha, sportchi maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, inklyuziv muhit yaratishda o‘z hissasini qo‘shishidan mamnunligini alohida qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, para yengil atletikachi Asila Mirzayorova Parij Paralimpiadasida T11 klassida uzunlikka sakrash dasturida 28 yillik rekordni yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
31-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari Asila Mirzayorova va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev bilan telefon orqali gaplashib, ularni tabriklagan.
Shuningdek, Asila Mirzayorova prezident qarori bilan “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Unga Paralimpiada chempionligi uchun 200 ming dollar, Tahoe avtomobili va 2 qavatli kottej ham sovg‘a qilingan.