Belarusda prezidentlik saylovi 2025-yil 26-yanvarga belgilandi. Ushbu qaror Vakillar palatasi yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar bermoqda “BelTA”.

“Belarus Respublikasi Konstitutsiyasining 81-moddasi, Saylov kodeksining 56-moddasiga muvofiq, Belarus Respublikasi prezidenti saylovi Vakillar palatasi tomonidan kamida besh oy oldin tayinlanadi va yakshanba kuni avvalgi prezidentning vakolat muddati tugashidan kamida ikki oy oldin o‘tkaziladi”, — deydi MSK raisi Igor Karpenko.

Belarus Konstitutsiyasiga muvofiq, prezident qasamyod qilganidan keyin o‘z lavozimiga kirishadi. Yangi saylangan prezident qasamyod qilgan paytdan boshlab avvalgi prezidentning vakolatlari tugatiladi. Amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenkoning inauguratsiyasi 2020-yil 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan. Shunga ko‘ra, navbatdagi prezident saylovi 2025-yil 20-iyuldan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak.

“Asosiy qonun saylovlarni muddatidan oldin o‘tkazishni taqiqlamaydi, belgilangan muddatdan keyin o‘tkazishni taqiqlaydi. Markaziy saylov komissiyasining fikricha, Belarus prezidenti saylovini o‘tkazish uchun eng maqbul sana 2025-yil 26-yanvar hisoblanadi”, — dedi Karpenko.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 10-avgustda Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida 80,23% ovoz bilan Aleksandr Lukashenkoning qo‘li baland kelgandi (u mamlakatni 1994-yildan beri boshqarib kelmoqda).

Jarayon Lukashenko rejimiga qarshi norozilik namoyishlari fonida o‘tgan. Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskayani qo‘llab-quvvatlash uchun 30-iyul kuni Minskda o‘tkazilgan miting, huquq himoyachilarining ma’lumotlariga ko‘ra, 63 mingga yaqin odamni to‘plagan. Bu mamlakatdagi eng yirik mitingga aylangan. Yakunda Tixanovskaya 9,9 foiz ovoz olgandi.