O‘zbekistonda barqarorlik reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmasligi kutilmoqda. Bu normani nazarda tutuvchi qonun Senat yalpi majlisida ma’qullandi.
Ma’lum qilinishicha, ellik to‘qqizinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan Soliq kodeksiga yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari uchun rag‘batlantirish choralari joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Kodeksga tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tushunchasi kiritilmoqda.
Yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliqlar bo‘yicha (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno) ortiqcha to‘langan summani qaytarish uch kunlik muddatda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi bo‘yicha “AAA” toifadagi subyektlarga nisbatan esa soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno).
Mazkur qonun soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan va qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda ularni rag‘batlantirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.