Isroil harbiylari “Hizbulloh” guruhi ijroiya kengashi rahbari Hoshim Safiddinni o‘ldirdi. Buni Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) e’lon qildi.
Hoshim Safiddin va guruh razvedka shtabi rahbari Husayn Ali az-Zayma 4-oktabr kuni Bayrutga qilingan havo hujumi oqibatida halok bo‘lgani aytiladi.
Saudiyaning “Al-Hadat” kanali 22-oktabr kuni kechqurun Bayrut chekkasida Safiddin va yana 23 kishining jasadi topilgani haqida xabar berdi.
Hoshim Safiddin Hasan Nasrullohning amakivachchasi va AQSh havo hujumi paytida halok bo‘lgan Eron Quds kuchlarining sobiq qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning kuyovi bo‘lib, “Hizbulloh” ijroiya kengashiga rahbarlik qilgan. Guruh rasman bu haqda xabar bermagan, ammo uni Nasrullohning vorisi deb atashgan.
“Hizbulloh”ga 30 yildan ortiq rahbarlik qilgan Hasan Nasrulloh 27-sentabr kuni Isroilning Bayrutga uyushtirgan aviazarbasi oqibatida halok bo‘lgan edi.