Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev O‘zbekistonda 5 foizlik inflyatsion targetga 2025-yilda emas, 2026-yilning ikkinchi yarmida erishilishi kutilayotganiga izoh berdi. U “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasidagi sessiyadan so‘ng “Gazeta.uz” muxbirining bu haqidagi savoliga javob berdi.

“Nima uchun inflyatsion targetga erishish bo‘yicha asosiy ssenariydagi muddatlar kechiktirilmoqda? Markaziy bank ishlab chiqqan asosiy ssenariy emas, alternativ ssenariy yuz berayotganining sababi nimada? Energetika tariflari o‘zgarishi asosiy ssenariyda ham hisobga olingan edi-ku?” Mazkur savolga Behzod Hamrayev quyidagicha javob berdi.

“Bu ssenariylarda hisobga olingan omillar bilan amalda yuz bergan vaziyatning farqi bor. Birinchidan, tariflar liberalizatsiyasi ikki bosqichda amalga oshirilyapti, bir martada o‘tib ketgani yo‘q. Shuningdek, yana boshqa o‘ziga xos xususiyatlari bor”, — deya ta’kidladi regulyator rahbari o‘rinbosari.

Ma’lumot o‘rnida, inflyatsion targetlash — davlat organlari mamlakatda inflyatsiya darajasini nazorat qilish maqsadida amalga oshiradigan monetar choralar majmui hisoblanadi. Buning uchun o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognoz belgilanishi, keyin esa prognozdan chetga chiqish kuzatilganida iqtisodiyotdagi optimal holatga qaytish imkonini beruvchi chora-tadbirlar majmui aniqlab olinishi lozim.

Behzod Hamrayev, shuningdek, inflyatsion targetga erishishda eng katta xatar nima ekani haqidagi savolga ham javob berdi.

“Avvaliga biz targetga 2023-yil yetmoqchi edik. Lekin kovid pandemiyasi va undan keyin yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyat tufayli targetga erishish vaqtini 2025-yilgacha kechiktirdik. Keyingi hafta o‘zimizning hisob-kitoblarimizni e’lon qilamiz. Targetga erishish vaqti 2026-yilgacha kechikishi mumkin. Chunki oldimizda narxlarni liberallashtirishning ikkinchi bosqichi turibdi. Bu kelasi yilning aprel oyida amalga oshirilishi lozim”, — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu masalada katta risklar mavjud emas. Chunki fiskal konsolidatsiya (davlat budjeti taqchilligini kamaytirishga qaratilgan muayyan chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda) masalasi kun tartibida turibdi.

“Budjet taqchilligi bu yil YAIMga nisbatan 4 foizgacha, kelasi yil 3 va yaqin kelajakda 2,5−2 foizgacha pasaytirilishi lozim. Qat’iy budjet siyosati bilan parallel ravishda biz ham qat’iy choralar ko‘rishda davom etamiz. Bu safargi yig‘ilishda biz uch yillik monetar siyosat bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarimizni e’lon qilishimiz kerak, bu 31-oktabr kuni tayyor bo‘ladi”, — dedi Behzod Hamrayev.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining aytishicha, inflyatsion xatarlar har doim mavjud bo‘lgan va ular oldindan kutilgan fundamental xatarlar yoki vaqtinchalik xatarlar bo‘lishi mumkin.

“Misol uchun, bu taklif tomonidagi uzilishlar, bu yil iyul oyida go‘shtning ulgurji narxlari oshishi va avgust oyida buning aks etishi bilan bog‘liq sodir bo‘lgan holat kabilar bo‘lishi mumkin. Yoki o‘zlaring bir necha bor muhokama qilgan yoqilg‘i narxlari, propan-butan, metan narxlari oshishi kabi holatlar ham bunga misol bo‘la oladi. Bular vaqtinchalik va baribir qachondir taklif tomondan bu masala yechiladi. Bir bozorda kamayib qolsa, boshqa bozordan kirib keladi”, — dedi u.

Behzod Hamrayev fundamental omillar masalasi yechib borilayotgani muhimroq ekanini qayd etdi.

“Masalan, budjet defitsiti bo‘yicha bu yil 4 foizlik, kelasi yildan esa YAIMga nisbatan 3 foizlik chegaragacha pasayish kutilyapti. Yoki imtiyozli kreditlarning kamayishi, buyog‘iga to‘liq bozor shartlariga o‘tilayotgani ham misol bo‘la oladi. Fundamental omillar masalasi yechilib borayotgani muhim. Vaqtinchalik omillar doim mavjud bo‘ladi, biri chiqib, hal qilinib, keyin ikkinchisi chiqib, shu tariqa davom etaveradi”, — dedi u.

Inflyatsion target tarixi

2017-yil 13-sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi. Bu hujjatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi turmush darajasini oshirish maqsadida pul-kredit siyosatining amaldagi vositalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida so‘z boradi.

Qaror bilan Markaziy bankning ichki narxlarning barqarorligini ta’minlashda o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati maqsadlariga erishish prinsip va mexanizmlarini xorijiy markaziy banklar tomonidan qo‘llanadigan inflyatsiyaviy targetlash rejimiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangandi.

2019-yil 18-noyabrda imzolangan prezident farmonida Markaziy bank inflyatsiya darajasini 2021-yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023-yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni ta’minlashi nazarda tutilgan.

2022-yilga kelib 5 foizlik inflyatsion targetga erishish bo‘yicha belgilangan muddat birinchi marta keyinroqqa — 2023-yildan 2024-yilga surildi. 2021-yilning yakuniga ko‘ra inflyatsiya darajasi 9,98 foizgacha pasaygandi, biroq geosiyosiy vaziyat (Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi), dunyodagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining tendensiyalari, ta’minot zanjiridagi muammolar va logistikadagi uzilishlar 2023-yilda ham yuqori inflyatsion risklar va noaniqliklar saqlanib qolishini ko‘rsatayotgani qayd etilgandi.

2023-yil oktabrida regulyator tashqi savdo hamkorlaridagi iqtisodiy vaziyat, xomashyo va moliya bozorlarida kelgusida ham yuqori noaniqliklar saqlanib qolishini, shuningdek, tarkibiy islohotlarning amalga oshirilish sur’atlarini inobatga olib 2 ta ssenariy asosida keyingi yillarda makroiqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarini ishlab chiqqandi. Unga ko‘ra, 5 foizlik inflyatsion targetga erishish davri asosiy ssenariy bo‘yicha 2025-yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi kutilayotgani e’lon qilingan, ya’ni targetga erishish muddati ikkinchi marta ortga surilgandi.

O‘shanda regulyator muqobil ssenariy bo‘yicha targetga erishish muddati 2026-yil yakuniga ham to‘g‘ri kelishi mumkinligini qayd etgan.

2024-yil 17-oktabr kuni iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov 2025-yilda inflyatsiyani 7 foiz darajasida ushlab turish, 2026-yilda esa 5−6 foizgacha, 2027-yildan esa 5 foizgacha yoki undan pastroq darajagacha tushirish maqsad qilinganini ma’lum qildi. Ya’ni inflyatsion targetga erishish muddati amalda uchinchi marta keyinroqqa surildi.

Energotariflar liberalizatsiyasi va ularning inflyatsiyaga ta’siri

5 foizlik inflyatsion targetdan tashqari bir necha bor kechiktirilgan va targetga bevosita ta’sir qiladigan yana bir ko‘rsatkich O‘zbekistonda energotariflarning oshirilishi hisoblanadi.

Mamlakatda 2023-yil 1-oktabrdan biznes uchun, 2024-yil 1-maydan esa aholi uchun ham energotariflar narxlari oshirilgandi. Bungacha esa tariflar so‘nggi bor 2019-yil avgust oyida oshirilgan. Shundan so‘ng rasmiylar tariflarni oshirishni bir necha marta keyinga qoldirgan.

2023-yil avgust oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev O‘zbekistonda elektr energiyasi, gaz va suv narxlarining liberallashtirilishi va uning narxlar o‘sishiga ta’siri 2023-yil uchun inflyatsiya prognozida nazarda tutilganini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yil oxirigacha inflyatsiya 8,5−9,5 foiz koridorda shakllanishi bo‘yicha prognozda elektr energiyasi va gaz narxining 20−25 foizgacha oshishi hisobga olingan.

Keyinchalik esa yangi tariflar natijasida oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasidan foydalanuvchilar xarajatlari 1,5 barobar, 300 kVt/soatgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun 2 baravar, 500 kVt/soatgacha bo‘lgan abonentlar uchun esa 2,5 baravar oshdi.

Gazga keladigan bo‘lsak, isitish mavsumidan tashqarida iste’moli 100 kub metrgacha bo‘lgan abonentlar uchun oylik xarajat 71 foizga, 200 kub metrgacha bo‘lgan iste’mol uchun esa 2,8 baravar oshdi. Isitish davrida 500 kub metrgacha gaz iste’mol qilgan abonentlar uchun tariflar oshirilgandan keyin xarajatlar 71 foizga, 1000 kub metrgacha iste’mol qiladiganlar uchun esa 2,8 baravar ko‘paydi.

Yuqorida Behzod Hamrayev ta’kidlaganidek, tariflarni oshirish birdaniga emas, ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. 2025-yil 1-aprelidan tariflar yana bir marta oshirilishi kutilmoqda. Markaziy bank ishlab chiqqan asosiy ssenariyda tariflarning ikki bosqichda amalga oshirilishi nazarda tutilmagan bo‘lishi mumkin.