Shaharni rivojlantirishga fuqarolarni jalb etish — bu shahar muhiti va umuman kundalik turmushga aloqador qarorlarni qabul qilish jarayonida aholining faol ishtirok etishidir. Muhokamalar, so‘rovnomalar, jamoatchilik tadbirlarida qatnashib, sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha o‘z loyiha va g‘oyalarini ulashish, ishga tushirish orqali shahar ahli hududdagi o‘zgarishlarning hammuallifiga aylanadi. Bularning bari, o‘z navbatida, hamma uchun qulay va yoqimli muhitni shakllantirishga yordam beradi. Toshkentda 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan ARCHICA 2024 beshinchi Xalqaro arxitektura kongressi doirasida “Gazeta.uz” sotsiolog Alisa Barannikova bilan aynan shu mavzuda batafsil suhbatlashdi.
— Fuqarolarni jalb etish deganda siz nimani tushunasiz?
— Jalb etish deganda men shahardagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq butun jarayonlarda shahar steykxolderlarining barcha guruhlari to‘liq ishtirok etishini tushunaman. Shahar steykxolderlari deganda turli birlashma ko‘rinishidagi odamlar — aholi guruhlari, hamjamiyatlari, komyunitilari, shuningdek, kichik, o‘rta va yirik biznes, ekspertlik hamjamiyatlari, davlat muassasalari, hokimiyat hamda nodavlat-notijorat tashkilotlar, diniy tashkilotlar ko‘rinishidagi tartibga solingan turli jamoat tuzilmalarini tushunish mumkin. Bu guruhlarning bari u yoki bu ko‘rinishda ovoz berish hamda shaharda yuz berayotgan o‘zgarishlarga ta’sir qilish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i kerak.
— Oddiy fuqarolar qanday qilib shahar rivojiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
— Jalb etilganlilikning oddiy boxabar qilishdan boshlab to hokimiyat vakolatlarini bo‘lishishgacha bo‘lgan bir necha darajalari bor.
Boxabar qilish — bu eng oddiysi. Bu — steykxolderlarning bo‘lajak o‘zgarishlar haqida axborot olish va o‘z takliflarini kiritish huquqidir.
Hokimiyat vakolatlarini bo‘lishish — bu steykxolderlarga ma’lum bir hududni boshqarish yoki uni saqlash huquqlarini berish. Odatda bu jamoat makonlariga aloqador narsa. Bu, agar gap yuridik shaxs maqomiga ega biror tashkilot haqida bo‘lsa, hududni uning balansiga o‘tkazib berish yoki qandaydir norasmiy egalik shaklini taqdim etish bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ko‘p qavatli uylar orasidagi hovli odamlar o‘z ehtiyojidan kelib chiqib o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan joy sifatida ko‘rilishi mumkin.
Bu darajalar orasida loyiha seminarlari, loyihani amalga oshirishga jalb qilish va boshqa shu kabi oraliq bosqichlar ham bor.
— Nima uchun oddiy fuqarolarni bu jarayonlarga jalb qilish muhim ahamiyatga ega?
— Jalb etish jarayonida shahar ahli muammolarni tezroq aniqlab, ularning yechimlarini taklif qilishi mumkin. Bu jarayonga jalb qilingan aholi o‘zining muhim ekani va berayotgan foydasini anglay boshlaydi. Uzoq muddatli istiqbolda bu manfaatli ham, chunki amalga oshirish jarayonida loyiha mumkin qadar kamroq nizoga duch keladi: loyihani ishlab chiqishda qatnashgan aholi uning amalga oshirilishini ham diqqat bilan kuzatadi, shaharda bo‘layotgan hodisalarga befarq qaramaydi, o‘zining shaharga aloqador ekanligini his qila boshlaydi.
Agar katta jamoat makonlari haqida gapiradigan bo‘lsak, masalan, yirik parklar misolida, agar fuqarolar bu jarayonga jalb qilinsa va ular qanday o‘zgarishlarni xohlayotgani so‘ralsa, keyin ularning istaklari ro‘yobga chiqarilsa, ertaga ular bu yangi parkdan foydalanishlariga ham to‘la ishonish mumkin.
Parkda hatto oddiy bir yo‘lakcha ham shu bog‘ga qatnaydigan odamlarning xohish-istaklaridan kelib chiqib yotqizilsa, keyin aholi so‘rovidan kelib chiqib bu yo‘lakcha bo‘yiga biror tijorat obyektlari joylashtirilsa, bu kimgadir chiroyli ko‘ringani uchun qilingan yo‘lakcha va biznes nuqtalaridan ko‘ra ko‘proq daromad, o‘z navbatida, soliq tushumlarini keltiradi.
Jalb etish jamiyat va hokimiyat vakillari o‘rtasidagi ishonch darajasini oshiradi. Shahar uchun umumiy javobgarlik hissi paydo bo‘ladi.
Bundan boshqa xulosalar ham bor. Fuqarolar jalb etilishi natijasida shahar muhitidan sifatli foydalanish boshlanadi. Ularning ishtiroki bu muhitga ehtiyotkorroq munosabatda bo‘lishga ta’sir qiladi, o‘z-o‘zidan, foydalanish muddati ham uzayadi.
Agar parklar va piyodalar yo‘laklari haqida gapiradigan bo‘lsak, sayr uchun sharoitlar hozirlashni millat salomatligi va umri davomiyligiga ijobiy ta’sir qiluvchi omil sifatida ko‘rish mumkin. Ammo bu avlodlar umri bilan o‘lchanadigan istiqbol haqidagi gap.
Jalb etilganlilik shaharlarning inson kapitaliga ham ta’sir qiladi. Masalan, kichik shaharlardan aholining ko‘chib ketishi sur’ati yuqoriroq, odamlar u yerda qolishni xohlashi uchun esa ular uchun sifatli muhit yaratish kerak. Shunda shahardagi aholi sifati ham asta o‘sa boshlaydi. Albatta, ochilish marosimidan so‘ng birdan hammasi zo‘r bo‘lib ketishini kutmaslik kerak.
Bundan tashqari, jalb etish — bu master-rejani ishlab chiqishning muhim unsurlaridan biri ham. Aholi, joylardagi oqsoqollar bilan strategik sessiya (muloqot)lar o‘tkazish, ulardan qadriyatlar, turmushning ma’no-mazmuni haqida so‘rash muhim ahamiyatga ega.
— Shaharni rivojlantirish maqsadida aholini jalb etish ishlari bilan kim shug‘ullanishi kerak?
— Biror bir loyihani amalga oshirish tashabbusi bilan chiqayotgan har qanday shaxs jalb etishdek vosita borligini hamda undan u yoki bu darajada foydalanish lozimligini yodda tutishi lozim. Jalb etish bilan hamma, kim tashabbuskor ekani va loyiha qaysi bo‘g‘inda amalga oshirilayotganiga qarab — tuman ma’muriyati ham, biznes ham, shahar ham shug‘ullanishi kerak.
— Sizning nazaringizda, Toshkent aholisi shaharni rivojlantirish jarayoniga qanchalik jalb etilgan?
— Bugun [Toshkentda] jalb etish, qoida tariqasida, “yuqoridan boshlangan jarayon” ko‘rinishida yuz bermoqda. Shahar ma’muriyati yoki developer, yo bo‘lmasa biror yirik steykxolder keladi-da, “uning yeri"da yashayotgan aholiga shahar muhitini o‘zgartirish jarayonida qanday bo‘lsa ham ishtirok etish yoki jalb etish imkoniyatlarini taklif qiladi.
Odamlardan uzoq vaqt davomida hech narsa so‘ralmasa, ularda norozilik to‘planib boradi, zamonaviy dunyoda bu ayniqsa dolzarb masala. Toshkentda odamlardan deyarli hech qachon hech narsa haqida so‘ralmagan, shaharni qanday rivojlantirish kerakligi borasida — shaharni qo‘ya turing, hatto umumiy hovli masalasida ham — ularning fikriga qiziqilmagan.
Foto: Yandeks.Xarita
“Obod mahalla” dasturi bor, ammo bu imkoniyat haqida hamma ham bilmaydi, undan foydalanmaydi.
Biz (“Toshkent Invest"da — tahr.) Xalqaro keramika bog‘i bo‘yicha so‘rov o‘tkazganimizda jalb etish jarayonini ishga tushirishga urinib ko‘rdik. So‘rovnoma o‘tkazilgan 4−5 kun davomida aholidan ko‘p taklif va fikrlar keldi. Shundan kelib chiqib, Toshkentda odamlar ulardan fikr so‘ralishini juda ham xohlaydi, degan xulosa chiqarish mumkin. Ular shahar hayotida qatnashishga tayyor.
— So‘rovnoma nima haqida edi?
— Biz odamlardan ular shu bog‘da nimalarni ko‘rishni xohlashlari haqida so‘radik. Bu aynan jalb etishning eng birlamchi va eng yengil darajasi — odamlardan nima xohlayotgani so‘raladi, keyin yig‘ilgan takliflar loyihaga kiritiladi. Qizig‘i, bu hudud bo‘yicha aholi fikri bir-birinikiga o‘xshash, yaqin chiqdi. Biz Keramika bog‘ini o‘zgartirish haqidagi savol bilan odamlarga chiqqanimizda, ular taxminan qanday javob berishi bo‘yicha o‘z taxminimiz bor edi. Biz haq bo‘lib chiqdik va nazariyamizni ham tasdiqlatib oldik. Har xil yechimlarni xohlaydigan har xil guruhlar bor, degan narsa yo‘q. Shunday ekan, bunday jalb etish jarayoni loyihalarni amalga oshirishni ham yengillashtirgan bo‘lardi.
— Shahar aholisining qaysi bir istaklarini alohida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
— Odamlar yashil hududlar ko‘proq bo‘lishini, sokinlikni, parklarda tijoriy obyektlar va qurilishlar kamroq bo‘lishini xohlayapti. Kimdir piyodalar uchun sharoitlar sifati yanada yaxshiroq bo‘lsin deyapti, ammo bu haqda qayg‘urayotganlar hozircha ko‘p emas. Ayrim arzimas detallarni o‘zgartirib, bog‘ni o‘z holicha qoldirishni so‘raganlar ham ko‘p bo‘ldi.
— Mening shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, Toshkentni rivojlantirishga doir muhokamalarga asosan katta avlod vakillari jalb etiladi. Nega shunday va bu nima bilan bog‘liq?
— Bu yoshlar ishlayotgani, o‘qiyotgani, katta yoshli avlodda esa bo‘sh vaqt ko‘proq ekani bilan bog‘liq. Haftada atigi bitta dam olish kuni, dedlaynlari, boshliq va moliyaviy majburiyatlari bor odam shahar rivoji haqida o‘ylamaydi. Bu aslida katta muammo, chunki ular iqtisodiy faol aholi qatlami, ularning fikri juda muhim, ammo jalb etilganlilik masalasida bu guruh eng nofaoli ham. Ularning vaqti, imkoniyati yo‘q.
Ammo ishlayotganlarning ham fikrlarni jamlash imkonini beruvchi mexanizmlar mavjud. Bu individual intervyular, xonadonbay so‘rovlar bo‘lishi mumkin — uyma-uy yurib, ularning o‘zidan nima xohlayotganliklarini so‘rab chiqiladi yoki katta avlod vakillari orqali to‘ldirib berish iltimosi bilan ularga savolnoma (anketa)lar qoldiriladi. Ya’ni, barcha iqtisodiy qatlam va yoshga mansub aholining jalb etilishiga erishish mumkin.
— Toshkentda shaharni rivojlantirish jarayonlariga aholi ham jalb etila boshlanishiga umid bormi?
— Toshkentda norozilik juda ko‘p to‘planib qolgani bilan bog‘liq murakkab jihat bor. Shaharda hozircha odamlarni to‘g‘ri jalb etishga, jarayon davomida muqarrar ro‘y beradigan nizolarni hal qilishga imkon beruvchi vosita va ko‘nikma yo‘q. Bu amaliyot endi-endi joriy etilyapti. Vaqt o‘tishi bilan ko‘nikma shakllanadi, buni tashqi ekspertlar qiladimi yoki o‘z kuchlarimiz paydo bo‘ladimi — ahamiyatsiz, ammo asta-sekin muloqot yo‘lga qo‘yiladi.
Jalb etish — bu, birinchi galda, muvozanat va muloqot demak. Ya’ni, qanday qilinsa, shahar aholisi maishiy ma’noda sifatli muhitga ega bo‘ladi (masalan, bolalar maydonchasiga borish oson va qulay bo‘lsin, singan bordyur bo‘lagiga hech kim qoqilib ketmasin va hokazo) va shahar o‘zining iqtisodiy foydasini ko‘radi — shudir masala.
Bu yo investitsiyaviy jozibadorlik, yoki soliq sig‘imi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, ammo, shahar miqyosida fikr yuritar ekanmiz, biz unaqasiga ham, bunaqasiga ham baribir moliyaviy ko‘rsatkichlarga tayanamiz. Jalb etish esa barcha manfaatdor tomonlarga muvozanat va qulaylikka erishish imkonini beruvchi muloqot turidir.