O‘zbekistonda voyaga yetgan kvadroberlar 15 sutkagacha qamalishi mumkin. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Departament axborot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 18 yoshdan oshgan shaxslar tomonidan sodir etilgan bunday harakatlar mayda bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinadi.
Aniqlik kiritilishicha, kvadroberlar ko‘chada o‘zga shaxslarga tashlansa yoki erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilsa, jabrlanuvchilar IIBga murojaat bilan chiqishi mumkin. Bunday xatti-harakatlar ham mayda bezorilik deb baholanadi.
Mazkur harakatlar bilan fuqarolarga haqoratli muomala qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish ochishga sabab bo‘ladi.
Jamoat xavfsizligi departamenti ushbu modda bilan ayblangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda (1 125 000 so‘mdan 1 875 000 so‘mgacha) jarimaga tortilishi yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkinligini eslatgan.
IIV xabariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o‘rtasida o‘zini ma’lum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda o‘sha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish ko‘rinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, 10-oktabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan kvadrober uchratilgan, 11-oktabrda esa yana bir kvadrober yo‘lovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan bola qattiq qo‘rqib ketgani haqida xabar berilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming so‘mgacha) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.
Avvalroq Ichki ishlar vazirligi ota-onalarni bolalar o‘rtasida o‘zini hayvonlarga qiyoslab, o‘sha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish (kvadroberlar) uchrayotganidan ogohlantirgandi. Vazirlik farzand tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganlar javobgarlikka tortilishini eslatgan.