To‘ldirish: Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Sergey Lavrovning 28−29-oktabr kunlari Toshkentga tashrifi keyinga qoldirilganini ma’lum qildi. Aniq sana keltirilmagan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 28−29-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.

“28−29-oktabr kunlari tashqi siyosat idorasi rahbari amaliy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ladi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov respublika prezidenti tomonidan qabul qilinishi, shuningdek, ushbu mamlakat tashqi siyosat idorasi rahbari bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan”, — dedi u.

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida asosiy e’tibor Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2024-yil may oyida respublikaga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va Rossiya-O‘zbekiston sherikligini yanada chuqurlashtirish hamda rivojlantirishga qaratiladi. “Ikki tomonlama kun tartibi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda”, — dedi diplomat.

Rossiya TIV rasmiy vakili “O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) huzuridagi kuzatuvchi maqomini hisobga olgan holda Yevroosiyo integratsiyasi jarayonlarini diplomatik qo‘llab-quvvatlash” alohida mavzu bo‘lishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Lavrovning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan ham uchrashishi rejalashtirilgan.