Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni mahalliylashtirish, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan yetti yilda mamlakatga 78 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar kelgan. 1 ming 800 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda barcha tarmoqlarda 140 mln dollarlik 366 ta yirik loyiha amalga oshirilayapti. Investitsiya loyihalari doirasida yiliga 15 mlrd dollarlik uskuna, xomashyo va qurilish materiallari olib kelinmoqda. Yig‘ilishda shularning har birida mahalliy ulushni ko‘paytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Masalan, energetika tarmog‘ini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, 36 mlrd dollarlik 164 ta quvvat yaratiladi. Shundan 88 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi.
Tog‘-kon sanoati bo‘yicha ham 1 mlrd 230 mln dollarlik dastur qabul qilingan. Sohadagi yirik kombinatlarga mahalliy korxonalar bog‘langan.
Prezident avtosanoatda ham bu yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligini ta’kidladi. Aytilishicha, birgina qo‘shni davlatlarda avtomobil ehtiyot qismlariga yillik talab 1 mlrd dollarni tashkil qiladi.
Yig‘ilishda mahalliylashtirish import o‘rnini bosish emas, balki narx bo‘yicha ham, sifat bo‘yicha ham raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, eksportni ham ko‘paytirish ekani ta’kidlangan.
Shuningdek, sanoat tarmoqlari bilan hududlar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Sentabr oyining boshida imzolangan prezident qarori bilan davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosidagi 30 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari tasdiqlangandi. Unda, jumladan, transport bo‘yicha 10 mlrd dollar, ijtimoiy sohalarda 6 mlrd dollar, kommunal tarmoqda 5 mlrd dollarlik rejalar ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda xorijiy investitsiyalar oqimi va kelgusi rejalar ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, 2024-yilning to‘qqiz oyida mamlakatga 23 mlrd 660 mln dollar xorijiy sarmoya kirib kelgan. Shuningdek, 4 mlrd 600 mln dollarlik 120 ta yirik quvvat ishga tushgan.
2017−2024-yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 100 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda.
“O‘zavtosanoat” kompaniyasi raisi Ulug‘bek Rozuqulovning aytishicha, avtomobilsozlik sohasida import darajasi yuqori bo‘lib turibdi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida to‘qqiz oyda 15,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 18,9 trln so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.
“Bu joriy yilning o‘zida korxonalarimiz tomonidan 1,3 mlrd dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishini anglatadi. Tayyor mahsulot, butlovchi qismlar yoki xomashyo bo‘lishidan qat’iy nazar, bizda har bir yo‘nalishda katta salohiyat bor. Bu ko‘rsatkichni 2 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Oldimizga kelasi yilda bu ko‘rsatkichga erishishni maqsad qilib qo‘yganmiz”, — dedi u.
Aprel oyida prezident ADM Jizzakh avtomobil zavodiga (Kia, Haval, Chery, Hyundai brendlari ostida avtomobillar ishlab chiqaradi) tashrif buyurib, mahalliylashtirish darajasini oshirish, mamlakat sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. 2024−2027-yillarda 348 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda zavod O‘zbekistonning 21 korxonasi bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatgan.
2022-yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev ichki imkoniyatlardan foydalanish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni rivojlantirish milliy iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishiga aylanishi kerakligini ta’kidlagandi. “Faqat va faqat ichki imkoniyatlar yordamida bozorlarni, valyutani topishimiz kerak… Iqtisodiyotda, hech bir mamlakatda boshqa yo‘l yo‘q”, — degandi u.